LIBRARY-WIKIPEDIYA

Buxoro

BuxoroOʻzbekiston Respublikasining qadimiy shaharlaridan biri, Buxoro viloyatining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning ilk poytaxti. Buyuk ipаk yoʻlida yirik tijorat markazlaridan boʻlgan. Oʻzbekistonning janubiy-gʻarbida, Zarafshon daryosi quyi oqimida joylashgan. Toshkentdan 616 km. Buxoro 2 ta shahar rayoni (Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachilik)ga boʻlingan. Aholisi 290 000 (2019). Aholisining katta qismini oʻzbeklar tashkil etadi. Oliy ta‘lim muassasalari: Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.

Nomlanishi va etimologiyasi

Buxoro shahri qadim zamonlarda qanday nomlangani — nomaʼlum. Milodiy V asrga oid xitoy manbalarida Buxoro shahri Nyumi tarzida tilga olinib oʻtilgan. Binobarin, shaharda shu nomdagi mulk hukmdorining qarorgohi ham boʻlgan. Tan imperiyasining VII asrga oid solnomalarida Buxoro shahri An (Ango), Ansi, Buxo (Buxe, Fuxo) shakllarida qayd etib oʻtilgan. Keyinchalik shahar har xil nomlana boshladi. Arab qadimiy manbalarda u Bumiskat, Madinat us-sufriya (Mis shahar), Numijkat (soʻgʻdcha numij yoki namich degani mashhur degan maʼnoni anglatgan) tarzida keltirilgan. Qadimiy zamonlarda yashagan mahalliy mualliflarning fikricha, shaharning nomi Buxor, yaʼni "Sanamlar turgan ibodatxona" maʼnosini anglatuvchi bir soʻzdan kelib chiqqan.

Ayrim tadqiqotchilarning faraz qilishlaricha, Buxoro nomi mintaqaning eng asosiy buddaviylik ibodatxonasi vixara yoki ana shu vixaraning sug'diy transkripsiyasi boʻlmish buxoro (ibodatxona) soʻzidan kelib chiqqan. Ammo buddaviylik va moniylik diniy taʼlimotlariga oid osori atiqalar shahar hududida ham, umuman, Buxoro vohasida ham topilgan emas.

Buxoro (Buxara) toponimi ilk bor soʻgʻd yozuvlari bilan Buxoroda zarb qilingan mis tangalarida tilga olingan (milodiy IV-V asrlar).[3]

Tarixi

Buxoro shahri Sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Buxoroga miloddan avvalgi VI asrda Afrosiyobning kuyovi Siyovush tomonidan asos solingan.[4] Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro shahri va uning atrofidagi yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara — hayvonot va oʻsimlik dunyosi betakror, koʻl va oqar suvlarga boy boʻlib, tarixchi Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asaridagi maʼlumotlar buni tasdiqlaydi.

Shahar yoshi aniqlashga doir tadqiqotlar

Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi boʻylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, Qoʻrgʻoni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Boʻston, Qoʻzimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar harobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jyoz davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) dayoq vujudga kelib, ular sinchli yarim yertoʻlalardan iborat boʻlgan (qurib qolgan Mohondaryo tarmogʻi mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6—5-asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmogilari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgoxlar paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 4-asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng xandaq bilan oʻrab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1-ming yillik boshidan Oʻrta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh oʻzaro birlashib va toʻxtovsiz taraqqiy etib borib, kattagina shaharga — Buxoro vohasining savdohunarmandchilik va maʼmuriy markaziga aylangan.

Qadimgi davr va Ilk oʻrta asrlar

X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning "Buxoro tarixi" asarida oʻz aksini topgan mahalliy mifologik anʼanalar shaharning qadimiy qismi — Ark qalʼasiga asos solinishi qahramonlik eposlari bahodirlari Siyovush yoki Afrosiyob, yaʼni Alp Er Toʻngaga bogʻlab, shu tariqa olis-olis zamonlarga mansub tarzda rivoyat qilinadi. Biroq, vohadagi Vardonze, Romitan, Varaxsha kabi istehkomlar va Poykenddek bir tijorat shahri — Buxoro shahridan ham qadimiyroq, deb hisoblab kelinadi.

Buxoro vohasidagi hukmdorlardan biri — Asbar tangasi. VI—VII asr boshi.

Buxorodan topilgan tangalar bu yerda savdo-tijorat aloqalari va tovar-pul munosabatlari taraqqiy etganidan guvohlik beradi. Tangalarga qarab, bu yerda hukm surgan sulolalar almashinuvi, hukmdorlar ismlari, unvon-martabalar nomlanishi, sulola alomatlari — tamgʻa va boshqa tasvirlari oʻzgarib borishini aniq-tiniq kuzatish mumkin. Biroq shahar hududida Salavkiylar hukmdori Yevtidemning dirhamlariga taqlidan zarb etilgan xazina 1937-yili topilgan xolos.

Shahristonga asos solinishi

Buxoro qalʼasidan sharq tomonda 3 yoki 4 nafar dehqonning (oliy zamindor toifaning) oʻziga xos mustaqil qalʼa-istehkomlari (koʻshklari) negizida asta-sekin shaharning oʻzi — Shahriston shakllanib bordi (maydoni 28—30 gektar). Shahristonga asos solinishi esa Abruyning zulmi tufayli Buxorodan Turkiston va Tarozga koʻchib ketgan buxorolik dehqonlarning iltimosi bilan 560—580-yillarda qoʻshinlari bilan shaharga kelgan turk hukmdori Sheri Kishvar nomi bilan bogʻliq holda talqin etiladi.

Buxoro Turk xoqonligi tarkibida

Asosiy maqola: Turk xoqonligi

567-yilda Buxoro Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 585—586-yillarda Buxoroda Abruy qoʻzgʻoloni boʻlib, u Turk shahzodasi El Arslon tomonidan bostirilgan. Shundan soʻng Yang Soux Tegin Buxoro vohasining egasi sifatida tasdiqlandi. Undan keyin Buxoroni 589—603-yillarda uning oʻgʻli Nili boshqargan. Keyin uning oʻgʻli Bosi tegin (603—604) hukmronlik qildi[5].

603—658-yillarda Buxoro Gʻarbiy turk xoqonligiga boʻysungan Soʻgʻd mulklaridan biri boʻlgan. O. I. Smirnova Buxoro vohasining turkiy hukmdorlari VIII asrning oʻrtalarida „Hoqon pullari“ yozuvi bilan bir guruh Turk-Soʻgʻdiy tangalarini chiqargan deb hisoblaydi[6]. VIII asr Buxoro hukmdori Tugʻshodaning ismi turkiy boʻlgan deb taxmin qilinadi[7]

Buxorxudotlar hokimligi davrida

Asosiy maqola: Buxorxudotlar hokimligi

Buxorxudot Xunuk tasvirlangan tanga. Old tomonida toj kiygan hukmdor va orqa tomonida zardushtiylarning otashgohi tasvirlangan (VIII asr boshlari)

VII asrda, arablar istilosi arafasida Buxoro vohaning yirik maʼmuriy markaziga aylangan edi. Buxoro qalinligi 18 metrgacha boʻlgan mustahkam devorlar bilan oʻralgan diz — qalʼadan iborat boʻlgan savdo shahri edi. Bidun Buxorxudot esa „tuzilishi jihatidan Katta Ayiq yulduzlar turkumiga oʻxshab ketadigan“ bir saroy ham barpo ettirgan. Hukmdor bu saroy darvozalariga oʻz ismi chekilgan temir lavhacha osib qoʻyishni ham buyurgan ekan. Bidun saroyida majusiy ibodatxona, xazina, zindon ham joylashgan edi. Uning gʻarbiy darvozasi "Registon" deb atalardi. Negaki bu darvoza qum toʻshalgan keng maydonga olib chiqardi. Sharqiy darvoza esa "Goʻriyon" deb atalar, ana shu „Qabriston darvozasi“ ortida tabarruk qadamjo — Buxoroning afsonaviy asoschisi Siyovush qabri joylashgan edi.

Shahristondan tashqarida esa savdo va hunarmandchilik shaharchasi ham shakllangan. Mox bozori tevaragi asosiy iqtisodiy markaz edi. Uning nomi "Majusiylar ibodatxonasi" degan maʼnodagi soʻzdan kelib chiqqan. Bu ibodatxona Shahristondan tashqarida, uning janubiy darvozalari va Roʻdi Zar anhori oraligʻida joylashgan edi. Roʻdi Zar keyinchalik Shohrud deb atala boshlagan va hozirga qadar ham u shu nom bilan yuritiladi. Shahristonning asosiy alomati boʻlmish Magʻoki Attori masjidi bugungacha saqlangan. Bu joyda bozor qadim-qadim zamonlardan to 1930-yillargacha mavjud boʻlgan.

Arablar fathidan soʻng

Arablarning Buxoroga dastlabki yurishlari oʻlja va daromad olish uchun talovchilik tarzidagi hujumlardan iborat boʻlgan.

Buxoroga islom uzil-kesil kirib kelishi VIII asr boshlarida roʻy bergan. Arab xalifaligining Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (704—715) shaharda doimiy arab qoʻshinini joylashtirdi va mavjud uylarning yarmini arablarga taqsimlab berish toʻgʻrisida buyruq chiqardi. Ayyub ibn Hasanni Buxoroning birinchi arab amiri etib tayinladi. Qutayba islomni qabul qilgan Tugʻshodani taxtga oʻtqazish bilan Buxoroda qadimiy mahalliy sulolalar hokimiyatini saqlab qoldi. Shu tarzda Buxorxudotlar oʻz oʻlkalarida arablar bilan birgalikda hukmdor boʻlib qolishdi.

Magʻoki Attori — Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi oʻrnida bunyod etilgan masjid oʻrnida Qoraxoniylar davrida, XII asrda qurilgan

Aynan Qutaybaning oʻzi 713-yili Buxoro arkida majusiylar butxonasini jome masjidga aylantirdi va shahar aholisiga 2 dirham evaziga har juma kuni ibodatga jamlanishni buyurdi. Registon maydonining shimoliy qismida esa birinchi hayit masjidi — Maʼbad (ibodat joyi) deb nomlangan darvozasi boʻlgan Namozgoh bunyod etildi. Oradan koʻp oʻtmay ana shu Namozgohning shimoliy tarafida musulmonlarning yirik xilxonasi — qabriston ham paydo boʻldi. Banu Hanzaliya masjidi (keyinchalik, chamasi, Ash-Shom deb atala boshlagan) Shahristonning janubi-gʻarbiy qismidagi nasroniylar cherkovi oʻrnida paydo boʻlgan. Aynan shu atroflarda Banu Saʼdiya masjidi joylashgan, shimoli-gʻarbiy tarafida esa Banu Qurayshiya, shimoli-sharqiy tarafida esa Banu Hamdoniya masjidlari makon tutgan. Qisqasi, arablarning quraysh, saʼd, hanzala va hamdon qabilalari Shahristonni egallab olgan edi. Shahristonning janubi-sharqiy tarafida joylashgan, Xin degan aslzoda dehqonga tegishli boʻlgan qalʼa — qoʻrgʻonni esa unga Ahmad nomini bergan Buxoroning birinchi imomi — Ayyub egallab oldi. Shahristondan tashqarida, Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi esa Magʻoki Attori masjidiga aylantirilgan edi.

Arab qabilalari Buxoro shahriga kelib joylashganidan keyin mahallalar — mavzelar oʻrtasidagi devorlar asta-sekin olib tashlandi, bir qancha vaqt oʻtib, ularning oʻrnida yangi turarjoy binolari paydo boʻldi.

715-yili Qutayba ibn Muslim vafot etdganidan keyin Buxoro arablar nazorati ostidan asta chiqa boshladi. Milodiy 728—729-yillarda sugʻdiylarning gʻarbiy turk hoqoni turkashlar hoqoni tomonidan qoʻllab-quvvatlangan kuchli qoʻzgʻoloni natijasida shahar bir yil mobaynida arablar nazoratidan tashqarida boʻldi, keyin yana ular taʼsiriga tushib qoldi.

Sharik qoʻzgʻoloni

Asosiy maqola: Sharik qoʻzgʻoloni

Dastlabki vaqtlarda Buxoroga kelib oʻrnashgan arab qabilalari 750-yili Arab xalifaligida Abbosiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelishini maʼqul koʻrishmadi, oʻsha yili Abbosiylarga qarshi Sharik ibn Shayx Maxri boshchiligida boʻlgan qoʻzgʻolon shundan dalolat beradi. Buxoroning arab hokimiyati vakillari va shahar aholisi qoʻzgʻolonchilarni qoʻllab-quvvatladi. Abu Muslim Buxoro va Samarqand hokimi Ziyod ibn Solihni Sharikka qarshi yubordi. Ibn Solih qoʻshinlari isyonni shafqatsizlarcha bostirdi. Buxoroga oʻt qoʻyildi, shahar 3 kun oʻt ichida qoldi. Asirlar shahar darvozalariga osib qoʻyildi. Buxorxudot Qutayba ibn Tugʻshoda 700 Xurosondan shimoldagi qoʻrgʻon aholisi bilan hamjihat Ziyod ibn Solih tomonida jang qildi, ammo keyinchalik u, qoʻzgʻolonni bostirishda faol qatnashganligiga qaramay, islomdan yuz oʻgirganlikda ayblanib, Abu Muslimning koʻrsatmasiga binoan qatl etildi.

Muqanna qoʻzgʻoloni

Asosiy maqola: Muqanna qoʻzgʻoloni

VIII asr 3-choragida arablar Buxoroda hukmronligi nomigagina boʻlib qolgan Buxorxudotlarni siqib chiqardi, oʻz hokimiyatini toʻliq mustahkamlab oldi. Buxorxudotlar Buxoroni Abbosiylarga qarshi oʻz kurashining tayanchi qilib olgan Hoshim ibn Hakim (Muqanna) tomonida boʻlishgan. Bu kurashga Mavoli Tagif, Yusuf Garm boshchilik qilishgan. Muqannaning buxorolik muridlari asosan Narshax qishlogʻida toʻplanishgan.

Muqanna qoʻzgʻoloni bostirilganidan keyin Musayb ibn Zuhayr hukmronligi davrida 782-yili Varaxshada Muqanna qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlagani uchun soʻnggi Buxorxudot Bunyod oʻldirildi. Binobarin, Buxoroda bir necha yuz yilliklar davomida hukmronlik qilgan Buxorxudotlar sulolasi, ayni vaqtda Buxoro tarixidagi islomgacha boʻlgan davr Bunyodning oʻlimi bilan nihoyasiga yetdi. Oʻshandan boshlab sulola yoʻqotib yuborilmagan boʻlsada, amalda siyosiy hokimiyatdan mahrum boʻldi.

Rofe ibn Lays qoʻzgʻoloni

Asosiy maqola: Rofe ibn Lays qoʻzgʻoloni

806—810-yillarda butun Movarounnahr isyonkor amir Rofe ibn Lays qoʻliga oʻtdi. Uni Xuroson noibi Ali ibn Isoning ogʻir soliq zulmidan va poraxoʻrligidan gʻazablangan sugʻdiylar faol qoʻllab-quvvatlashdi. 809-yilda xalifa Horun ar-Rashid qoʻzgʻolonchilarga qarshi katta qoʻshin yubordi va Buxoro qamal qilindi. Buxorodagi qoʻzgʻolonga va shaharning mudofasiga Rofe ibn Laysning ukasi Bashir ibn Lays boshchilik qildi. Nihoyat, shahar zabt etildi, Bashir asir olinib, xalifaning buyrugʻiga koʻra qatl qilindi.

Tohiriylar hukmronligi davrida

Asosiy maqola: Tohiriylar davlati

Tarixdan maʼlumki, mahalliy, forslar vakillaridan biri — Tohir ibn Husayn Xuroson noibi etib tayinlangan va Xuroson hamda Movarounnahrni egallagan Tohiriylar sulolasining (821—873) asoschisi boʻlib qolgan. Soʻnggi Tohiriylardan biri Husayn ibn Tohir 874-yili Xorazmdan chiqib, Buxoro vohasi tomon yoʻl oladi va besh kunlik qamaldan keyin Buxoroni qoʻlga kiritadi. Uning qoʻshinlari tomonidan qilingan beboshlik sababli, shaharning kattagina qismi yonib ketadi, buxoroliklar qoʻzgʻolon koʻtarib, Husaynni qochishga majbur qiladilar. Undan keyin Buxoroni keyinchalik mashhur boʻlgan Somoniy amir Ismoil ibn Ahmad boshqara boshladi. Shundan nafaqat shahar, balki butun Markaziy Osiyo tarixida yangi davr boshlandi.

Tashqi devorning barpo etilishi

IX asr oʻrtalarida, aniqrogʻi, Tohiriylar sulolasi Xurosonda noiblik qilgan yillarda Buxoro shahri tevaragida tashqi devor barpo etildi. Uning hududiga esa Qalʼa, Shahriston, Mox bozori, Namozgoh va uning shimol tarafida joylashgan qabriston, Koʻshki Mugʻon, Buxorxudotlar avlodlari va shaharliklarning oʻzlari yashab turgan manzillarga tutash chekka yerlar kirgan edi. Aytib oʻtilgan tashqi devor sarhadida shaharning umumiy maydoni 700 gektardan ortiqroq boʻlgan. Shahar imoratlari egallagan maydonlar Somoniylar hukmronligi davrida eng katta koʻrsatkichga erishgan, XIII asr boshlarida esa keskin ravishda qisqarib ketgan, xullas, oʻsha kezlarda imoratsozlik va bunyodkorlik ravnaq topgan edi.

Har holda bu davrga kelib Qalʼa — Koʻhandiz (Eski qalʼa), Shahriston — Shahri darun (Ichkari shahar) yo Madina (arabchadan shahar), ana shu shahar unsurlari hududidan tashqi devorlari ichkarisida boʻlgan qismlar Shahri berun (Tashqari shahar) yoki Rabot deb atala boshlagan edi. Shahar tashqi devorida esa 11 ta darvoza oʻrnatilgan edi.

Somoniylar hukmronligi davrida

Asosiy maqola: Somoniylar davlati

IX asr boshlarida Movarounnahrda Tohiriylar oʻrnini Somoniylar sulolasi egalladi.

Somoniylar sulolasi asoschisi Somonxudot nevaralari oʻz boshqaruviga olgan Movarounnahr viloyatlari orasida Buxoro yoʻq edi. Faqat yarim asr oʻtgach, 874-yilda Somonxudotning 25 yoshli avarasi, keyinchalik mashhur boʻlib ketgan Ismoil ibn Ahmad Buxorodan Husayn ibn Tohir quvilganidan soʻng bu yerda qaror topdi. Ismoil Somoniyning koʻtarilishi shu yerda boshlandi. 892-yili u butun Movarounnahr hukmdori boʻlib qoldi.

Ismoil Somoniy taxtga oʻtirishidan ancha oldin Buxoro vohasi atrofiga anchagina uzun boʻlgan Kanpir devor nomli devor oldirilgan edi. Uni risoladagidek saqlab turish uchun katta mablagʻ va kuch talab qilingan. Ismoil Somoniy vaziyatni qatʼiy oʻzgartirdi va qonuniy faxr bilan: "Men tirik ekanman, men — Buxoro devoriman", deb xitob qilgan.

Keyingi yillarda u Tarozni (hozirgi Janubiy Qozogʻistonda), Gʻarbiy Afgʻoniston, Sharqiy va Markaziy Eron yerlarini oʻz saltanatiga qoʻshdi. Ulkan Somoniylar davlati shu tarzda barpo etilib, taxminan oʻsha sarhadlarda X asr oxirlarigacha yashab keldi. Ismoilning mehri tushgan Buxoro oʻz tarixida ilk bor katta saltanatning poytaxti boʻlib qoldi.

Buxoro — Somoniylar davlati poytaxti

Qoʻlyozma manbalar, shu jumladan Somoniylar hukmronligi davrida yozilgan Muhammad Narshaxiyning "Buxoro tarixi" asarida keltirilgan maʼlumotlar aynan Ismoil Somoniy Buxoroni davlat poytaxti qilganiga hech bir shubha tugʻdirmaydi. Ismoil Somoniydan keyin Buxoroda muntazam tanga zarb etildi.

Shahar Somoniylar davrida, tarixan, toʻrt qismga ajratilgan boʻlib, mazkur qismlar bugungi kunda ham relyef jihatidan bir-biridan ajralib turadi. Bu qismlar orasida eng mustahkami Koʻhandiz (Ark qalʼasi) edi, u xom gʻishtdan terilgan juda baland va qalin devor bilan oʻralgan, deyarli yoʻlab boʻlmasdi. Ana shu devorning butun tevaragi boʻylab pishgan gʻishtdan oʻziga xos „yopinchiq“ qadamalar kiydirilgan. Qalʼa maydoni esa uning tashqi devorlari boʻylab taxminan 3,5—3,8 gektarni tashkil etardi. Bu yerda qabulxona, xazina, ulkan kutubxona (yosh Abu Ali ibn Sino shu yerda shugʻullangan), zindon va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan edi. Arkning gʻarbiy etagida kattagina Registon maydoni boʻlib, unda 10 ta davlat boshqarmalari — devonxona binosi qad koʻtargan. Xuddi shu yerda saroy qurilgan boʻlib, Buxoroga X asr oxirlarida kelgan Muqaddasiy musulmon olamida bundan muhtashamroq saroyni koʻrmaganligini taʼkidlaydi. Registonda, shuningdek, hayit namozlari oʻqiladigan iydgoh — musallo ham boʻlgan, ammo Somoniylar davrida shahar aholisi shu qadar koʻpaydiki, natijada eski musalloga barcha namozxonlar sigʻmay qoldi. 971-yilda qalʼadan yarim farsax (3—4 kilometr) masofada yangi musallo qurildi. Yana bir hukmdor saroyi Joʻyi Moʻliyon kanali sohilida qad koʻtardi.

Arkdan sharq tomonda mustahkamlangan Shahriston joylashgan. Unda binolar zich qilib qurilgan, chuqur handaq va yettita darvozaxonasi boʻlgan mustahkam devor bilan oʻrab olingan edi. Ulardan ayrimlari esa zamon silsilasida oʻzgarib turgan bir qancha nom bilan atalgan. Sharqiy devorda Mox darvozasi (Bozor, Madina, Shahriston, Attoron), Koʻhandizga qaragan gʻarbiy devorda esa Banu Saʼd yoki Saʼdobod, Banu Asad (islomdan avvalgi nomi Muhra), Koʻhandiz, Haqroh (Xokroh) yoki Hufra (yer osti tonneli — lahm) singari toʻrtta darvoza, shimoliy devorda Nur darvozasi, X asrning oʻrtalaridan boshlab Mansur darvozasi, sharqiy devorda esa Samarqand ichki darvozasi yoki Nav darvozasi joylashgan edi. Shahar tashqarisi — rabot ham devor bilan oʻralgan va ichki hamda tashqi rabotlarga boʻlingan.

Buxorodagi Somoniylar davri inshootlaridan faqat Somoniylar maqbarasiMarkaziy Osiyodagi eng koʻhna musulmon meʼmoriy inshooti va butunlay pishiq gʻishtdan koʻtarilgan ilk binogina bizning davrimizgacha saqlanib keldi.

Ark va Shahriston oraligʻida, Jome masjidi yaqinida katta toʻqimachilik korxonasi joylashgan boʻlib, unda ajoyib matolar, gilamlar toʻqilgan. Uning mahsulotlari Suriya, Misr va Rumga (Kichik Osiyo) olib borilgan.

Poytaxtning imtiyozli sharoiti, podshoh saroyining boy va serhashamligi, koʻpincha Somoniy amirlarning oʻzlaridek fanga, sanʼatga homiylik qiluvchi davlatmand kishilar — mesenat tarzida namoyon boʻluvchi toʻralarning koʻpligi — bularning bari Buxoroda fan va madaniyat ishtiyoqmandlarini jalb etdi. Shu boisdan Somoniylar Buxorosi „shon-shuhrat makoni, davrining buyuk kishilari yigʻiladigan joy“ hisoblangan. Arab tilida yozuvchi oʻn va yuzlab shoirlar Somoniylar davrida Buxoroda ijod qildilar. Fors-tojik sheʼriyati sohasidagi muvafaqiyatlar, avvalo, Somoniylar vaziri Balʼamiyning himmati va homiyligidan foydalangan buyuk Rudakiy nomi bilan bogʻliq. U Buxoroda fors tilida sheʼr bituvchi eng yaxshi, lekin yagona shoir emas edi.

Buxoroning Afshona qishlogʻida tavallud topgan buyuk tibbiyot sohibi, faylasuf Abu Ali ibn Sino Somoniylar davlati poytaxtida yashagan olimlar orasida eng mashhuri edi.

Somoniylar davridayoq Buxoro oʻtmishiga bagʻishlangan asarlar paydo boʻla boshlaydi. Shunday asarlardan biri Narshax fuqarosi Muhammad Narshaxiy tomonidan Somoniy Nuh ibn Nasr uchun yozilgan "Buxoro tarixi" asaridir. Katta shuhrat qozongan ana shu asar keyinchalik (XIX asrga qadar) bir necha bor qayta ishlandi, qisqartirildi va toʻldirildi, qayta-qayta koʻchirildi.

Somoniylar davlatining yuqori lavozimli amaldorlari (masalan, Balʼamiy va Jayhoniy) faqat fan va sanʼat homiysi boʻlibgina qolmay, ayni vaqtda Buxoroning ijodiy hayotida ham bevosita ishtirok etganlar.

Somoniylar davridayoq Buxoro yirik diniy ilmlar markaziga aylanib, islom tayanchidek buyuk sharafga muyassar boʻldi. IX asrning mashhur hadisshunosi, Buxoro nomini butun musulmon olamiga sharaflantirgan Imom al-Buxoriy ham aynan Buxorodandir. Somoniy amirlar ulamolarni shu qadar yuksak qadrlar edilarki, barcha fuqarolardan faqat ulargina hukmdor oldida yerni oʻpishdek tahqiromiz udumdan ozod etilgandi.

Taʼlim sohasida Somoniylar davrida islom olamida misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Oʻz davrining dorilfununlari boʻlgan dastlabki madrasalar aynan Buxoroda ochilib, ularda yirik islomshunos olimlar dars berdi. Buxoroda X asrda shaharning eng qadimiy madrasalaridan biri — Farjok madrasasi ochilgan[8].

999-yili Somoniylar poytaxti qoraxoniy Nasr ibn Ali tomonidan jangsiz egallandi. Somoniylar sulolasining soʻnggi vakili, taqdir taqozosi bilan Somoniylar davlati asoschisining ismi bilan atalgan Ismoil al-Muntasir yana bir necha yil Qoraxoniylar bilan kurash olib bordi. Baʼzi-baʼzida bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishdi, hatto Buxoroni qoʻlga kiritdi. U 1005-yili halok boʻldi.

Oʻrta asrlar muarrixlari asarlarida Buxoro, haddan tashqari koʻp ishlatiladigan taʼbir bilan aytganda, „bir-biriga zid manzaralarga boy bir shahar“ sifatida kishi oldida namoyon boʻladi. Keng koʻchalar, xushifor hammomlar, chiroyli bozorlar, muazzam masjidlar, adolatli sultonlar, shahar aholisi farovon yashashi va savodxon ekanligi, yaxshi va sifatli oziq-ovqatlar isteʼmol qilinishi singari bir qator ijobiy holatlar barobarida peshayvoni boʻlgan choʻpkori imoratlar va tor uylar shaharda nihoyatda zich qurib tashlangani, turar joy qimmatligi, quduqlarning suvi shoʻrligi, havo yetishmaydigan savdo rastalari, axlat toʻlib ketgan ariqlar, tez-tez roʻy berib turadigan yongʻinlar va hokazo salbiy jihatlar qayd etib oʻtilgan.

Qoraxoniylar hukmronligi davrida

Asosiy maqola: Qoraxoniylar davlati

X asr oxiri — XI asr boshlarida Somoniylar bilan Qoraxoniylar oʻrtasida kurash jarayonida Buxoro bir necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtgan. Koʻp oʻtmay boshlangan Qoraxoniylarning oʻzaro urushlari Zarafshon etaklariga ham bevosita yetib keldi.

992-yilda Buxoroda Qoraxoniylarning dastlabki tangalari muomalaga chiqarildi.[9] 999—1000-yillarda Qoraxoniylar Buxoroda Arslon-ilig yoki Arslon yozuvi bilan tangalar chiqardilar.[10] Buxoro, garchi oʻz poytaxtlik mavqeidan mahrum boʻlgan esa-da (Chuy vodiysidagi Bolasogʻun shahri Qoraxoniylar davlatining poytaxti boʻlgan), mamlakat yangi hukmdorining intilishlari uzviy bogʻliq eng yirik markazlardan biri boʻlib qoldi.

1020/21-yilda qoraxoniy Ali ibn Hasan (Ali-tegin) Buxoroda uzoq vaqt oʻrnashib qolib, Movarounnahrning ajralib chiqishiga asos soldi. 1024—1025-yillarda uning mavqei kuchaydi. Shundan soʻng, bir muddat barcha mulklaridan mahrum boʻlib, koʻp oʻtmay, u Buxoroni qaytarib olishga erishdi, keyin (1028-yili) Samarqandni ham oldi. Zarafshon vodiysiga to oʻlimiga qadar — 1034-yilgacha hukmronlik qildi. Olimlarning fikricha, Ali uchun har ikki shahr (Samarqand va Buxoro) muhim edi, lekin rasmiy poytaxt sifatida Samarqandni belgiladi. 1032-yilda Mahmud Gʻaznaviyning oʻgʻli Maʼsudning koʻrsatmasiga binoan xorazmshoh Oltintosh rahbarligida gʻaznaviylarning kattagina qoʻshini Buxoro vohasiga bostirib kirib, Buxoroni zabt etdi va talon-toroj qildi; lashkarlar katta oʻljani qoʻlga kiritishdi.

1040-yilda Ibrohim ibn Nasr (Boʻritegin; Tamgʻachxon Ibrohim) jangu jadal bilan Yusuf ibn Alidan Samarqandni tortib olib, Buxoroni egallashidan oldinoq oʻzini hukmdor, xon (Tamgʻachxon yoki Tafgʻachxon) deb eʼlon qildi va qarorgohini Samarqandda joylashtirdi. Binobarin u ham Buxoroning ahamiyatini yaxshi tushungan. Shundan keyin koʻp oʻtmay 1040/41-yilda Ibrohim ibn Nasr Buxoroni egalladi, soʻng yana qoʻldan chiqardi, 1041/42-yilda bu shaharni uzil-kesil oʻziga boʻysundirdi. Olimlar fikricha, chamasi, taqvodorligi bilan mashhur boʻlgan Ibrohim ibn Nasr Buxoroni uzil-kesil zabt etishini „Olloh irodasi bilan“ erishilgan gʻalaba ekanini eʼtirof etib, ana shu voqea sharafiga zarb ettirgan Buxoro dirhamlari yozuviga Qurʼondan „gʻalaba“ soʻzli ikki oyat kirittirgan.

Movarounnahrda Ibrohim tomonidan alohida davlat tuzilmasi sifatida barpo etilgan Gʻarbiy Qoraxoniy xoqonligining poytaxti Samarqand boʻlib qoldi. Qatʼiy sunniy mazhabi himoyachisi boʻlgan Ibrohim ibn Nasr bu mazhabdan har qanday chetga chiqqanlarni taʼqib qildi. 1056-yilda Iroqdan to Movarounnahrgacha boʻlgan ulkan hudud dahshatli ochlik balosiga uchradi, shundan keyin oʻlat tarqalib, Buxorogacha yetib keldi.

1068-yilda Ibrohimning oʻgʻli va vorisi Shamsulmulk oʻz ukasi Shuvays bilan kurashda taxtni himoya qilishga majbur boʻldi. Shuvays Buxoroni egallab, hatto u yerda oʻz tangalarini chiqardi, lekin akasi tomonidan magʻlub qilindi. Harbiy harakatlar vaqtida Buxoroning jome masjidi yonib ketdi. Bir necha yildan keyin saljuqiy sulton Alp Arslon katta qoʻshin bilan Movarounnahrga bostirib kirdi. Uning qoʻshinlari Buxoro atroflariga yetib kelib, talon-toroj qilishdi, ayollarni zoʻrlashdi, biroq shaharning oʻzi omon qoldi: koʻksiga xanjar qadalgan sulton hayotdan koʻz yumdi, qoʻshin chekindi. Uning oʻgʻli Malikshohning yurishlari (1089) ancha muvaffaqiyatli boʻldi, shundan keyin Movarounnahr qoraxoniylari Saljuqiylarga qaram boʻlib qoldi. 1141-yilda Samarqanddan shimoli-sharqidagi Qatvon dashtida sodir boʻlgan jangda Qoraxitoylar Sanjar ibn Malikshoh boshchiligidagi birlashgan musulmon qoʻshinlarini tor-mor etib, butun Markaziy Osiyoni oʻzlariga boʻysundirgan boʻlsalarda, Samarqand taxtini Qoraxoniy xonlarda qoldirdilarki, ular 1212-yilgacha Samarqandda hukmronlikni davom ettirdilar.

Buxoroda hokimiyat tepasiga kelgan Qoraxoniylar dunyoviy ilmlarga eʼtibor berishmadi, ularni ragʻbatlantirishmadi. Tabiiy fanlarga ham qiziqish susaydi. Shundan boshlab uzoq vaqt Buxoro Movarounnahrning diniy hayot markazi boʻlib qoldi. Sadrlar (Burxoniylar) taʼsiri kuchaydi[11].

Burxoniylar hokimligi davrida

Asosiy maqola: Burxoniylar

Bu davr musulmon ruhoniylari, ayniqsa Samarqand va Buxoro ruhoniylarining taʼsiri va qudrati orta borishi bilan eʼtiborga sazovor. Samarqand xoni Ahmad ular bilan kurashda 1095-yili halok boʻldi. Ana shu kurashning ilk bosqichida 1069-yili uning oʻtmishdoshi Shamsulmulk Buxoroda juda eʼtiborli kishilardan biri boʻlgan imom Ismoil as-Safforni qatl ettirdi. XII asr boshlarida Sulton Sanjar oʻziga xos Burxoniylar yoki sadrlar sulolasining asoschisi boʻlib qolgan boshqa oilaning aʼzosi Imom Abdulazizni Buxoro shahri raisligiga (hokimligiga) tayinladi. Ular XIII asr boshlanishiga qadar Qoraxoniylarga boʻysunishgan lekin, oʻz qoʻllarida Buxoro vohasi ustidan ham diniy hokimiyatni jamlashdi.

Eng muhimi Burxoniylar tangalar chiqarmagan, Buxoroning Qoraxoniylari esa turli xil tangalarni (dinorlar, dirhamlar, falslar) chiqarganlar.[12]

Sulolaning ikkinchi aʼzosi Abdulazizning oʻgʻli Umar 1141-yili Qatvon jangida qatnashib, urushdan keyin qoraxitoy gurxon tomonidan qatl qilindi. Shunga qaramay, qoraxitoylar uning oʻrniga Ahmadning ukasini tayinlashdi. XIII boshlariga kelib haddan tashqari boyib ketgan sadrlar shia savdogarining oʻgʻli tomonidan boshqarilgan qoʻzgʻolon vaqtida quvib yuborildi. U shaharni egallagach Malik Sanjar deb ataladigan boʻldi. 1207-yili Muhammad Xorazmshoh Buxoroni zabt etdi va uni oʻzinig ulkan saltanatiga qoʻshib olib, bu yerga sadrlarni qaytardi.

Qoraxoniylar davrida bunyodkorlik ishlari

Garchi Somoniylarning taxtdan ketishi tufayli Buxoro oʻzining ilgarigi siyosiy markazlik mavqeini yoʻqotgan boʻlsada, XI—XII asrlarda uning ahamiyati hali nihoyatda yuqori edi, koʻpgina Qoraxoniylar u haqda gʻamxoʻrlik qilishdi. Shamsulmulk Buxoro tevaragida Shamsobod qoʻriqxonasini barpo ettirib, saroy, bogʻ, yaylov va hayvonot bogʻi tashkil qildi, shaharning oʻzida esa 1069-yili jome masjidini taʼmirlatib, qayta qurdirdi. Shamsulmulk vorislaridan biri Buxoroda yana muhtasham qasr qurdirdi. Arslonxon Muhammad (1102—1130) bu yerda ayniqsa koʻp qurilishlar qildi. U qoʻrgʻonni va shaharning tashqi devorlarini tiklatdi. Yangidan minorali muhtasham jome masjidi, ikkita hammom, ikkita saroy qurdirdi. Ana shu saroylardan biri keyinchalik madrasaga, shahardan tashqari namozgohga aylantirildi. Mazkur inshootlardan Namozgoh, aniqrogʻi uning pishiq gʻishtdan koʻtarilgan va sernaqsh bezatilgan mehrob devori, shuningdek jome masjidining minorasi — Arslonxon minorasigina (Minorai Kalon) saqlanib qolgan. U hozirga qadar Buxoroning goʻyoki betakror ramzi sifatida saqlanib kelmoqda. Magʻoki Attori masjidi ham XII asrga oid boʻlib, uning peshtoqi oʻsha davr meʼmoriy bezagining butun boyligi va xilma-xilligini namoyon etadi. Qilich Tafgach xon Masud 1165-yilda Buxoroda shahar devorlarini tikladi.[13]


Buxoro Arki

Buxoro arkiOʻzbekistonning Buxoro shahridagi qadimiy ark; atrofidagi maydon sathidan qariyb 20 metr balandlikda koʻtarilgan va taxminan 4 gektar maydonni egallagan monumental qal’a. Qalʼa Buxoroning eng qadimiy meʼmoriy va arxeologik yodgorligi hisoblanadi. Bu qal’a tepalikni tashkil etgan koʻp asrlik vayronagarchilik qatlamlariga ega shaharning eng qadimiy qismi hisoblanadi.

O‘z vaqtida Registon maydoni ustida qad ko‘targan Ark buyuklik, qudrat va o‘tib bo‘lmaslik timsoli bo‘lgan. Ark devorlaridan birida bir vaqtlar Buxoro amirligidagi qudrat ramzi bo‘lgan katta charm qamchi osilgan.

Buxoro arki va uning oldidagi bozor. 1890-yillar

Arkning orqa yon tomonidan koʻrinishi

Buxoro arkining yon tomonidan koʻrinishi

Arkning 1902-yildagi koʻrinishi

Buxoro arkining 1907-yildagi koʻrinishi

Ark dastlab milloddan avvalgi I asrda qurilgan. Arablar istilosiga qadar arkda shahar hokimlari — buxorxudotlar yashagan. Somoniylar davrida (IX—X asrlar) qayta qurilib devor va burjlar bilan mustahkamlangan. Qoraxoniylar davrida (XI—XII asrlar) va moʻgʻullar bosqinchiligi vaqtida (XIII asr) ark bir necha bor vayron qilingan.

Hozirgi qiyofasi asosan Shayboniylar sulolasi davri (XVI asr)da shakllangan.

1990-yilda arxeologlar tomonidan olib borilgan qazish ishlari natijasida Amir mehmonxonasi hisoblangan xonaqoh va uning atrofidagi hujralarning poydevorlari, hovli ichkarisidagi supa, toshnov, tazar, sandal va yaxxonalar ochildi. Hammom tuzilish jihatdan murakkabligi yer osti tazarlari umumiy bir tarmoqqa boʻysundirilganligi, shahar tashqarisidagi zahkashga qadar choʻzilganligi, toʻrt tomonidagi gulax (oʻtxona)lari doimiy ravishda bir xil issiqlik berib turishi, yaxxonada muzni to kech kuzgacha saqlay bilishganligi aniqlandi.

Buxoroning 2500-yilligi munosabati bilan ark ichkarisidagi taxt joylashgan hovli taʼmirlanib, oʻz holiga keltirildi. Ark devorlari yangilandi. „Goʻriyon“ darvozasi qayta tiklandi va boshqa obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yer sathidan 2,5-3 m chuqurlikda gumbazsimon yer osti yoʻli borligi aniqlangan. Arkda Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi joylashgan.

Arxeologik qazishmalar va qayta tiklash ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi davrida Arkning gʻarbiy devori qayta tiklangan[1]. Aleksandr Semyonov Ark tarixini yozishni maqsad qilgan „Tarix jamiyati“ deb nomlangan komissiya tuzilgani haqida xabar beradi[2].

19701980-yillarda Arkda qisman arxeologik tadqiqotlar olib borilgan. Keng qamrovli arxeologik qazishmalar, ayniqsa, Arkning janubiy qismida va unga tutash hududlarda haligacha olib borilmagan. Arxeologlarning fikricha, aynan ular Buxoroning haqiqiy yoshi haqida aniqroq maʼlumot berib, Narshaxiyning Buxoroning yoshi X asrda 3000 yil bo‘lganligi haqidagi afsonaviy maʼlumotlarini rad etadi yoki tasdiqlaydi[3].

19701974-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Yahyo Gʻulomov boshchiligida tashkil etilgan maxsus arxeologik guruh tomonidan Arkda yirik statsionar qazishmalar olib borilgan. Qal’ada 120x100 m maydonda XVI—XX asr boshlariga oid ustki qatlamlar qazilgan[4].

19791980-yillarda Buxoro arkini arxeologik oʻrganish tarixida birinchi marta stratigrafik chuqur (6x6 metr) materik qatlamiga chuqurroq borish imkonini berdi. Bu yerdagi madaniy qatlamlarning qalinligi 20 metrdan oshdi va bu qiymatning uchdan bir qismi yer ostida boʻlgan[4]. 13-15,5 metr, shuningdek, 16,5-18,5 metr chuqurlikda ikkita kuchli sinch devor qoldiqlari topilgan, ushbu ashyolar Arkning qadimgi mudofaa inshootlari tizimining bir qismi boʻlganligi taxmin qilingan. Birinchi devor 2,5-3 metr balandlikda saqlanib qolgan va u yerda eramizning IV—V asrlariga oid sopol material topilgan, ikkinchisi — 2-2,5 metr balandlikda — miloddan avvalgi IV—III asrlarga toʻgʻri keladi. Shubhasiz, bular Buxoroning qadimiy qal’a devori xarobalari bo‘lib, shahar shakllanishining eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan[5].

Ark qal’asi devorlarining toʻliq stratigrafik kesmasi ham amalga oshirildi. Arkning shimoliy qal’a devorining stratigrafik qismida E. G. Nekrasova tomonidan olingan arxeologik maʼlumotlarga koʻra, uning eng qadimgi devori balandligi 0,9-1,0 metr, qalinligi 0,7-0,75 metr boʻlgan bir necha qatlamli paxsa va paxsa bloklaridan iborat boʻlgan. Uning eng kengi 7,5 metr, eng kichigi 2,75 metr[6].

Buxoroning 2500 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida (19902016) Arkni qayta tiklash ishlari olib borilgan [7].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 20 m cha boʻlgan tepalik ustiga qurilgan arkning maydoni 4 ga, tarhi koʻpburchakli. Turli davrlarda devorlari tosh, pishiq va xom gʻisht, paxsalar bilan mustahkamlangan. Oʻpirilib tushgan joylari dastlab xom gishtdan, keyin pishiq gʻishtdan taʼmir etilgan.

Koʻtarila boruvchi yoʻl orqali gʻarbdagi ulkan darvozadan (16-asr) ichkariga kiriladi (sharq tomonida ham ilgari darvoza boʻlgan). Darvozaxona peshtoqining ikki yon tomonidagi „guldasta“ va ular oraligʻidagi 3 qavatli bino yaxshi saqlangan. Ark ichkarisiga olib kiradigan uzun dalonyoʻlakning chap devorida 12 va oʻng devorida 13 taxmontokcha qilingan. Chap tomonidagi tokchalarning baʼzilarida obxonaga kiriladigan eshiklar bor. Guldasta (burj)lar tagida zax va dim yertoʻlalar boʻlgan.

Dalonning oʻng tomonidagi oʻrta tokchasida afsonaviy qahramon Siyovush ruhiga Navroʻz bayramida chiroqlar yoqilgan. Amir sayisxona (otxona)siga ham shu yerdagi zinadan kirilgan. Dalondan chiqaverishda toʻpchi boshi (saroy qoʻriqchilari boshligʻi)ning mahkamasi, shu yerdagi ayvon tagida yertoʻla boʻlgan (bu binolar buzilib ketgan). Undan sal narida (gʻarbiy devor burchagida) peshayvonli jome masjid (saroy masjidi) qurilgan (18-asr oxiri). Masjid derazalari panjarali, devorlarining ichki tomonidagi naqshlar orasiga Qur’on oyatlari bitilgan. Peshayvon shipi murakkab girihdar bilan bezatilgan.

Arkning shimoliy-gʻarbiy burchagida toʻpchi boshining uyi va taʼmir ishlari ustidan nazorat qiluvchi kishi turadigan xona boʻlgan. Masjidning sharq tomonida lar oqova suv quvurlarining qoldiqlari. Arkning gʻarbiy devoridan boshqa hamma devorlari, burchaklardagi minoralar buzilib ketgan. Darvozasi oldidagi Registon maydonida koʻpgina imoratlar boʻlgan. Uning gʻarbiy devoriga qaragan peshayvonga zambaraklar qoʻyilgan.

Ark darvozasining chap tomonida lashkarboshi mehmonxonasi, shimolida esa qurolyarogʻlar tuzatiladigan ustaxona va aslahaxona (qoʻrxona) boʻlgan. Arkning shimoliy-sharqidagi „Childuxtaron“ maqbarasi, janubiy-gʻarbda „Battol Gʻoziy xonaqohi“, xos hammom qoldiqlari saqlangan.


Somoniylar maqbarasi

Somoniylar maqbarasiBuxoro shahar madaniyat va istirohat bogʻi hududida joylashgan koʻhna meʼmoriy yodgorlik, Somoniylar davlatining asoschisi Ismoil Somoniy va uning avlodlari maqbarasi (taxminan 892907). Maqbara Oʻrta Osiyo meʼmorligi va sanʼati tarixidagi dastlabki maqbaralardan boʻlib, uning tuzilishida qadimiy soʻgʻd meʼmorligining anʼanalari saqlanib qolgan buyuk meʼmoriy asardir.

Somoniylar maqbarasi

Somoniylar maqbarasining yaqindan koʻrinishi

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somoniylar maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib va qoida asosida yaratilganligi aniqlangan. Ayrim rivoyatlarga koʻra, uni qurishda tuya sutiga qorilgan loy ishlatilgan[1].

Maqbara 4 tomoni bir xil chordara shaklida, jimjima gʻishtin bezaklari chiviqli toʻsiq yoki qamish, buyra toʻqimasini eslatadi. Devor qalinligi —1,8 m, tarhitashqarisi 10,80x10,70 m, ichkarisi 7,20x7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. 4 burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba oʻrnatilgan. Devor tepasida kungirasimon darcha (40 ta).

Har bir darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos gʻishtin tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga mayda gishtdan chorsi tumor yasalgan. Bino ichkarisi tashqaridagi bezak bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uslub jihatdan bir xil. Ichki devor gumbaz osti bagʻalidagi ustma-ust ravoqchalar ustunchalarga tayangan. Ravoqchalar 8 qirrali gumbaz asosini tashkil qiladi. Qirralar burchagiga gumbazga tirgaklik qiluvchi ustunchalar ishlangan.

Arxeologik qazilma vaqti (1927)da xona sahnida 2 yogʻoch sagʻana borligi aniqlangan.

Yozma manbalar va rivoyatlarga koʻra, maqbarani Ismoil Somoniy otasi qabri ustiga qurdirgan. Sharq tomondagi sagʻana Ismoil Somoniy qabri (849—907) deb taxmin qilinadi. Narshaxiy Buxoro tarixi kitobida Ismoil Somoniyning oʻgʻli amir Ahmad oʻz qullari tomonidan oʻldirilgan va mazkur maqbaraga qoʻyilgan deb yozadi. M. Saidjonov topgan Vaqfnomada qayd qilinishicha, otasi amir Ahmad mozoridan Registongacha yerlarning bir qismi maqbaraga vaqf etilgan. 1568—1569-yillarda qayta yozilgan vaqf nizomiga ko‘ra, 868-yilda Ismoil Somoniy davrida otasi Ahmad ibn Asad qabri ustida qurilgan. 20-asr boshlariga kelib, saqlanib qolgan maqbara atrofida sharq tomondan bitta kirish eshigi boʻlgan baland devor bilan oʻralgan kichik qabristongina qolgan[2].

Maqbara birinchi marta 1924-yilda Moisei Ginzburg ekspeditsiya guruhi tomonidan tekshirilgan. 1925-yilda Buxoro tarixiy va sanʼat yodgorliklarini muhofaza qilish komissiyasining ilmiy kotibi Muso Saidjonov bino gumbazining astarlarini tiklashni tashkil qilgan[3]. Keyingi arxeologik tadqiqotlar Vasiliy Vyatkin tomonidan 1926—1928-yillarda olib borilgan qazishmalar davomida nekropol ichida bir nechta qabrlar, jumladan Ismoil Somoniyning oʻligi saqlanib qolganligi aniqlandi[4]. Binoni koʻmib yuborgan zax tuproqlardan tozalanib, B. Zasipkin va Usta Shirin Murodov boshchiligida taʼmirlangan (1937—1939). Ming yildan ortiq vaqt davomida qad koʻtarib turgan maqbara katta oʻzgarishlarga uchramadi[5] .

Maqbaraning birinchi ilmiy sanasi va tegishliligini aniqlash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maqbaraning kimga tegishliligi, shuningdek, uning qurilish davri Ismoil Somoniy davriga oidligi 1926-yilgacha xalq afsonasiga asoslangan. Bu maʼlumotlar Muso Saidjonovning tadqiqotlari tufayli ilmiy asoslandi[4].

Maqbara devorlaridagi belgilar[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbek olimi Sh. Kamoliddin bu maqbara buddizmdan kelib chiqishiga ishonchli dalillar keltirdi[6]. Somoniylar maqbarasi devorlaridagi belgilar bir-biriga oʻrnatilgan kvadratchalar va oʻrtadagi doiradan iborat murakkab geometrik kompozitsiyadir. Ular buddizm-manixey mandalasining oʻziga xos turi boʻlib, buddizmning timsoli sifatida qaralishi mumkin[7].

Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin[tahrir | manbasini tahrirlash]

SSSR parchalanib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, maqbara atrofi obodonlashtirilib, yodgorlikning janubi-sharqidagi hovuzi qayta tiklandi[8]. 1993-yilda maqbara UNESCOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan[9].

1997-yil Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar singari Ismoil Somoniy maqbarasi ham qayta taʼmirlandi.

2000-yilning 30-avgustida „Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risi“dagi qonun qabul qilindi. Davlat tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar meʼmoriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolati hisoblanadi[10] .

2021-yilda 3D-texnologiyalari, „Digital Twin“ hamda geografik maʼlumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini yaratish hamda „Google xaritalar“ tizimiga biriktirish ishlari Janubiy Koreya axborot texnolagiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSh dollari bo‘lgan grand loyihasi asosida amalga oshirilishi reja qilingandi[11]


Poi Kalon

Poi Kalon (oʻzbekcha: Poi Kalon аnsambli) — Minorai Kalon etagida joylashgan meʼmoriy ansambl hisoblanadi. Majmua XIIXVI asrlarda qurilgan uchta inshootdan, jumladan, Kalon minorasi, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasidan tashkil topgan. Poi Kalon bosh Registon maydonida joylashgan va u Buxoroning markaziy meʼmoriy ansamblidir. Poi Kalon — fors tilidan tarjima qilinganda ,,yaqinroq, yaqinida" degan maʼnolarni anglatgan. Bundan tahqari, xalq tilida ,,Poi masjid/Kalon madrasasi" yoki bo‘lmasa ,,hovli yaqinidagi, masjid/Madrasa yaqinida" degan atamalar bilan ham uchrab ataladi.

Minorali qal’a masjid VIII asrda arablar tomonidan Movarounnahr egallab olinishidan oldin Buxorodagi shahar qalʼasi etagida joylashgan bo‘lgan. XII asrga kelib, Arslonxon tomonidan shaharni qayta tashkil etish rejasi tuzilgan. Markaziy ko‘chalardan hisoblangan Bu-Laysa ko‘chasidagi shahar saroyi demontaj qilinib, o‘sha paytda xarobaga aylangan qal’a qayta tiklangan hamda shahar masjidi ko‘chirilgan. Qo‘rg‘ondan taxminan bir yuz ellik metr janubi-sharqda yangi masjid, yonida esa minora qurililgan. Narshaxiyning fikriga ko‘ra minora — ,,chiroyli ishlagan"[1] ammo u mustahkam qilib qurilmagan. Qurilish ishlari tugagandan soʻng, minora masjid ustiga qulab tushgan va uning uchdan ikki qismini vayron bo‘lgan. 1121-yilga kelib yangi masjid, 1127-yilda esa minora qayta qurilgan. Mazkur minora hozirgacha saqlanib qolingan.

XV asrda Arslonxon masjidi oʻrnida hozirgi Kalon masjidi qurilgan boʻlib, uning bezaklari 1514-yilda yakunlangan. Bu haqda bino fasadidagi yozuvda bitib qo‘yilgan. Ansamblning hozirgi ko‘rinishi 1536-yil Ubaydulla xonning ishonchli odami yamanlik Miri Arab maslahati bilan bunyod etilgan. Miri Arab vafotidan keyin qabri uning nomidagi madrasa hovlisida qad rostlagan va Ubaydullohning o‘zi ham shu yerga dafn etilgan.

Arxitektura xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tartibi va joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maydon Buxoro Registoni yonida joylashgan va uning shimoliy eshigi shaharning markaziy ko‘chalaridan biriga tutashgan. Masjid va madrasa fasadlari bir-biriga qarama-qarshi joylashgan bo‘lib, ular bir  qoshni tashkil qiladi.

Kalon minorasi yoki Katta Buxoro minorasi maydondagi eng qadimiy bino boʻlib, u 1127-yilda Arslonxon  tomonidan qurilgan va deyarli 900 yil davomida hech qachon taʼmirlanmagan. Minora Buxorodagi eng baland binolardan biri hisoblanadi. Uning balandligi 46,5 metr, pastki diametri esa 9 metrni tashkil qiladi. Konstruksiyaning o‘zi konussimon shaklda hamda tepasida fonar o‘rnatilgan. Minora ajoyib va noodatiy usulda bezatilgan bo‘lib, silindrsimon korpusi tekis va relyefli toshli chiziqlar bilan qoplangan. Ushbu usulning afzalligi shundaki, har qanday yorug‘likda  ham inshoot o‘zining yumaloqligini ochib beradi. Chiroqning gumbazi saqlanib qolinmagan.


Koʻkaldosh madrasasi (Buxoro)

Koʻkaldosh madrasasi (Koʻkaltosh madrasasi)Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Buxoro shahrining tarixiy markazida, Labihovuz ansamblining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti.

Buxoro xonligining poytaxtida 1568/69-yilda Qulbobo koʻkaldosh tomonidan bunyod etilgan madrasa, shu davrdan boshlab, hozirgi kungacha Markaziy Osiyoning eng yirik madrasasi maqomini oʻzida saqlab turibdi.

Buxoro xonligi, Buxoro amirligi va Buxoro xalq sovet respublikasining[2] oʻziga xos Fanlar akademiyasi (Dor ul-fununi) boʻlgan[3].

Hozirda Buxoroda eng ogʻir ahvolda qolib ketgan madaniy meros obyektlaridan biri boʻlib, unda ayollar goʻzallik saloni, video-montaj ustaxonasi, ofislar, doʻkonlar, hunarmandchilik ustaxonasi va hujra-muzeyi joylashgan. Aksariyat hujralari taʼmirtalab ahvolda qolib ketgan.

Madrasaning vaqf hujjatlarini oʻrganishga doir tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatlari ilk bora professor Muso Saidjonov tomonidan oʻrganilib, oʻzbek tiliga tarjima qilingan[4]. Keyinchalik, hujjatlar Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari davrida qayta oʻrganib chiqilgan[3].

Madrasaning bizgacha ikkita vaqf hujjati yetib kelgan. Biri asl (1593—1594-yillarda tuzilgan), ikkinchisi Buxoro amirligi hukmdori Amir Shohmurod (1785—1800) davrida koʻchirilgan nusxa. Asl nusxa charm gʻilofli, oʻram shaklida, tili forsiy, nastaʼliq xatida yozilgan. Koʻchirma nusxa ham asliga mos[3].

Vaqf hujjatida Koʻkaldosh madrasasi qurilishi bilan bogʻliq shunday maʼlumotlarni koʻrish mumkin:

Amir Yormuhammad otaka oʻgʻli Qulbobo Koʻkaltosh pishiq gʻishtdan koʻp hujrali, toqli-ravoqli, ichki va tashqi sahnli, masjidi, darsxonasi va tahoratxonasi bor ajoyib madrasa qurdirdi[5].

Madrasaga asos solinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro xonligi hukmdori Abdullaxon IIning portreti

Shayboniylar oʻzbek sulolasi davrida davlat poytaxti boʻlgan Buxoro shahri ilm va maʼrifat kishilari jamlangan bir goʻshaga aylangan. Ubaydullaxon davrida (1509—1540) Buxorodagi ilmu-hunar ahli shunday yuksak bir darajaga erishdiki, bu jihatdan shahar Sulton Husayn Boyqaro zamonasidagi Hirotni ham esga solib turgan boʻlsa[6][7], Abdullaxon II hukmronligi davrida (1557—1598) poytaxtning sarhadi koʻpaydi. Shaharda rekonstruksiya ishlari davom ettirildi, ana shu taʼmirlash va takomillashtirish jarayonida eski toʻkilgan binolar taʼmirlangan yoki butunlay buzib tashlangan va ayrim koʻchalar kengaytirilgan edi. Eski shahar va Yangi shahar bozorlari hududida meʼmorchilik majmualari — masjidlar, hammomlar, karvonsaroylar va hokazolarni oʻz ichiga olgan oʻziga xos diniy-ijtimoiy markazlar vujudga keldi. Bozorlar kengayib borishi natijasida turarjoy binolarini siqib, nari surish jarayoni ham yonma-yon kechdi. Yangi turarjoy mavzelari, xonaqoh, masjid va madrasalar Buxoro chekkalaridagi odamlar bir mahallar tashlab ketgan maskanlarda bunyod etila boshladi. Abdullaxon II va uning amirlari, ularning orasida esa eng nufuzlisi Qulbobo koʻkaldosh qurilishlarning asosiy donatorlaridan (homiylari va buyurtmachilaridan) biri sifatida ish koʻrgan edi[8].

Koʻkaldosh madrasasi 1568—1569-yillarda Buxoro xonligi poytaxtining markaziy koʻchalaridan birida, Qoqilai hurd[9] yoki Koʻkaldosh guzarida, oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1557—1598) hukmronligi davrida, xonning hohishi bilan[sharh 1][10], uning yaqin vaziri va sarkardasi Qulbobo koʻkaldosh donatorligida bunyod etilgan. U kattaligi va egallagan maydoni jihatidan avvalgi madrasalardan ustun oʻlaroq[11], bu davrda nafaqat Buxorodagi[12][13][14][15] balki Markaziy Osiyodagi (Oʻrta Osiyodagi[16]) eng yirik madrasa inshooti boʻlib, hozirga qadar shu maqomni oʻzida saqlab qolgan[17].

Madrasa uchun Qulbobo koʻkaldosh Buxorodagi tim, govxona, nonvoyxona, hammom, 2 karvonsaroy, 27dan ortiq doʻkonlarni (paxta savdosi, sarroflik, qassoblik, oshpazlik, boʻyoqchilik, tarvuzfurushlik va hokazolar); Kasbidagi Nayiston qishlogʻini toʻlaligicha; Harqonruddagi Xatoizza (yoki Xatogʻarra), Zulayho qishloqlarini; Gʻijduvondagi Qasri quzzot qishlogʻini vaqf qilgan. Oradan bir qancha vaqt oʻtib, jamoat arboblari, olim-u ulamolar va din peshvolari ham oʻzlarining turli miqdordagi mulklarini ushbu madrasa uchun vaqf qiladi[3]. Shuningdek, dinga, fiqh va arab grammatikasiga oid kutubxona kitoblari ham madrasa foydasiga vaqf qilingan boʻlib, ularning roʻyxati bizgacha yetib kelgan[18].

Rivoyat qilinishicha, Koʻkaldosh madrasasining vaqfiga kiritilgan hammom, hozirgi Mavlono Sharif xonaqosi oʻrnida boʻlgan. Vaqf taʼsischisining vasiyatiga koʻra, ushbu hammomda madrasa talabalari bepul choʻmilishlari kerak boʻlgan. Bino yomon holatga kelib qolgandan soʻng, Mavlono Sharif madrasa vaqfi foydasiga topshirish uchun Dungiyon qishlogʻidan yer maydoni sotib oladi. Buning evaziga hammom uning xususiy mulkiga oʻtadi, u hammomni buzdirib, oʻrniga xonaqo bunyod ettiradi[19].

Koʻkaldosh madrasasi vaqfi istifodasiga kiritilgan 2 karvonsaroydan biri Soʻxta deb nomlangan. Unga oʻt ketishi natijasida yonib ketgan va oʻrnida bizgacha yetib kelgan Noʻgʻay karvonsaroyi qurilgan. U unchalik ham sezilarli boʻlmagan oʻzgarishlar va chekinishlar bilan oʻz oʻtmishdoshini deyarli aynan takrorlagan[8].

Madrasa hayoti va undagi taʼlim tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eski Buxoroning eng qadimiy eskizi. Old planda Koʻkaldosh madrasasi fasadining chap qanoti va guldasta, bir oz uzoqroqda — Ernazar elchi madrasasi. (1880-yil).

Koʻkaldosh madrasasi Buxoro xonligi (amirligi) taʼlim tizimining eng oliy toifadagi oʻquv dargohi — oʻziga xos Fanlar akademiyasi edi[3]. U oʻzining ushbu maqomini Buxoro xalq sovet respublikasi tashkil etilgandan soʻng ham yoʻqotmadi. Madrasa bu davrda yagona Dor ul-funun boʻlib qoldi. Qolgan yirik madrasalar esa Dor ut-tolibin (Mulla Tursunjon, Govkushon, Abdullaxon madrasalari) va Doril-mudarrisin (Mir Arab madrasasi) deya ataladigan boʻldi[2].

Buxoro ilm va taʼlim-tarbiya tizimining eng oliy toifadagi olimlari — oxund, aʼlam, muftilar biror masalani hal etish maqsadida, odatda, ushbu madrasada yigʻilishgan[3]. Madrasaning mudarrisi oxund[20][14][21], oliy taʼlim sohasidagi oliy darajani egallagan, ziyoli olimlar ichidan taʼyinlangan[22]. Abdurahmon Abdulloh oxund ushbu toifa vakili toʻgʻrisida shunday maʼlumot yozib qoldirgan:

Buxoroda faqat birgina oxund boʻlgan. Yaʼni 11 nafar muftidan biri Gavkushon madrasasida aʼlam unvoniga yetgach undan soʻng Koʻkaldosh madrasasida oxund boʻlardi va undan boshqa oʻringa bormasdan shu yerda vafot etardi. Shu sababli Koʻkaldosh madrasasini oxundga nisbatan Darvozai mar, yaʼni Oʻlim qopqasi derlar[23].

Madrasaning 1 nafardan mudarrisi, imomi, muazzini va 2 nafar farroshi vaqf mablagʻidan ish haqi, talabalar esa — stipendiya olishgan[3].

Maliho Samarqandiy, Ziyo Sadr kabi olimlar yozishicha, oʻtgan besh yuz yil mobaynida Markaziy Osiyodan tashqari Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Rossiya, Turkmaniston, Kavkaz kabi oʻlkalarning ilm talab ziyolilari Koʻkaldosh madrasasida taʼlim olishgan.

Talabalar hujralarda yashashgan. Bitta hujrada 2 nafar talaba yashagan. Mashgʻulotni 2 oy uzrli sababsiz tark etgan talaba madrasadan chetlashtirilgan[3].

Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatida uning muassisi qayd etgan shartga koʻra, vaqfga oʻtkazilgan kitoblar 2 mutavallining ixtiyoriga berilgan. Ularning biri madrasa vaqfining koʻchmas mulk mutavallisi, ikkinchisi esa kutubxona mutavallisi boʻlgan[24].

Madrasada talabalarning oʻqitilishi taxminan 20 yil davom etgan. Madrasa oʻquvchisi (mullobacha) birinchi 3—4 yildan soʻng muazzin (yoki soʻfi) unvonini olgan. Yana 1—2 yil oʻtib dahyak unvonini qoʻlga kiritgan. Bu unga stipendiya olish huquqini bergan. Dahyak stipendiyasining qiymati yiliga 120 tangani tashkil etgan. Yana bir qancha vaqt oʻtib esa dahyak qori boʻlgan. Taʼlimning keyingi bosqichida talaba salovot dushambegi unvonini olgan. Shundan soʻnggina madrasa kursi tugallangan hisoblanib, talabaga mudarris unvoni berilgan. Mudarris bir necha yillar davomida bir guruh talabalarni qabul qilgan holda bepul taʼlim bergan. Soʻngra unga madrasa vaqfidan yilik maosh belgilangan[25].

Maʼlumotlarga koʻra, madrasa talabalari quyidagi 3 toifaga ajratilgan. Past qadam — yillik maoshi 3 tilla, Sarf ilmidan Tahzibgacha oʻqigan; Miyona — yiliga 3,5 tilla olgan, Tahzibdan Mulla Jalolgacha oʻqigan; Pesh qadam — Mulla Jaloldan keyin davom ettirgan va yiliga 5 tilla haq olgan[26].

Buxoro xonligi (amirligi) davrida madrasada bir-necha marotaba kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan: peshtoqining qulab tushgan ravoqi qayta tiklangan, sharqiy tomonining 2-qavati arkadalari qayta qurilgan va boshqalar[12].

Koʻkaldosh madrasasi mudarislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taʼlim berish tugatilgandan keyingi davr[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa hovlisi oʻrtasiga yevropacha uslubda qurilgan imoratning koʻrinishi

1929-yil madrasa hovlisiga yevropacha uslubda qurilgan imorat[34] bizgacha yetib kelmagan.

Old planda Koʻkaldosh madrasasi fasadining chap qanoti va guldasta, bir oz uzoqroqda — Ernazar elchi madrasasi. (1925-yil).

1930-yillarda madrasada muzey joylashgan. Uning ekspozitsiyasi uchun esa madrasaning 2 katta zali (masjid va darsxona) ajratilgan. Muzey xodimlarining kabinetlari madrasa hujralarida joylashgan[35].

Bu davrda binoning holati achinarli holatda boʻlgan: bir nechta kuchli deformatsiyaga uchragan, katta yoriqlari va yemirilgan qismlari mavjud boʻlgan. Ayniqsa, chuqur yoriqlari boʻlgan guldastali janubi-gʻarbiy qismi halokatli ahvolda qolib ketgan. Shuningdek binoning sharqiy qismi ham sezilarli darajada vayron boʻlgan[12].

Madrasa taʼmirlangandan soʻng atrofi ochilib kichik skverga aylantirilgan. 1950-yillarning soʻngi — 1960-yillar boshida madrasada Buxoro oblasti (viloyati) arxivi joylashgan[36].

1960—1970- va 1995—1997-yillarda madrasa taʼmirdan chiqarildi[37]. Koʻkaldosh madrasasi 1970-yillari taʼmirlanib, koshinlar bilan qaytadan bezatilib, peshtoqiga koʻrsatkich-taxta osib qoʻyildi. 1980-yillari oʻrtasida shu holat saqlanib, ammo qayta qoʻyilgan koshinlari pishiq boʻlmagani yoki quyosh nurlari taʼsirida, yo ob-havo taʼsirida nuray boshlagan. Bir necha yillardan soʻng oʻsha koshinlar ham tushib ketgan.

2010-yilda tasdiqlangan hukumat dasturiga koʻra, 2015—2016-yillarda madrasani tadqiq etish, favqulodda hududlarini qismlarga ajratish (demontaj qilish), konstruktiv mustahkamlash, umumiy koʻrinishini (dekorini) tiklash, asl holiga keltirish va konservatsiya qilish, shuningdek zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish maqsadida 350 million soʻm ajratish rejalashtirilganligiga[38] qaramay u hozirga qadar Buxoroda eng ogʻir ahvolda qolib ketgan madaniy meʼros obyektlaridan biri boʻlib qolmoqda[39].

Shu dasturga koʻra, 2020-yilda madrasa hovlisidagi yevropacha uslubda qurilgan imoratni tadqiq etish, tiklash, asl holiga keltirish, zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish maqsadida alohida 10 million soʻm ajratish rejalashtirilgan[38]. Lekin, nomaʼlum sabablarga koʻra madaniy meʼrosning ushbu boʻlagi 2010-yillarda buzilib, butkul yoʻq qilib yuborilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari evaziga, madrasada turistik mavsum boshlanganida oʻzbek milliy musiqasi, shashmaqom va xalq qoʻshiqlaridan foydalanib teatrlashtirilgan konsert tomoshasi oʻtkazilishini tashkillashtirish rejalashtirilgan[40].

2020-yilda tasdiqlangan yangi dasturga koʻra madrasada restavratsiya-taʼmirlash ishlari uchun yana mablagʻlar ajratilgan[39].

Hozirda madrasaning miyonsaroyi, masjidi, darsxonasi va old tomonidagi tashqi hujralarida doʻkonlar, ichki hujralarida esa ofislar, hunarmandchilik ustaxonasi va ayollar goʻzallik saloni oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda. Madrasaning faqatgina toʻridagi burchak katta hujrasida Buxoro muzeyining koʻrimsizgina filliali joylashgan[37]. Koʻpgina hujralari ogʻir ahvolda boʻlib, oʻnlab yillar davomida taʼmirtalab holatda qolib ketgan.

Arxitekturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasi Labihovuz ansamblining shimolida joylashgan. U hajmi va koʻlami jihatidan nafaqat Buxorodagi balki Markaziy Osiyodagi eng yirik madrasa inshootidir[16][17].

Madrasaning old fasadi asosiy kirish peshtogʻidan va ikki qanotdan tashkil topgan va Labihovuz ansambli maydoniga qaratilgan[34]. Qanotlar tarkibiga 2 qavatli hujralar va 2 ta gumbazsiz guldastalar kiradi. Madarasa ichkarisiga peshtoqning naqshinkor darvozasi orqali kiriladi. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan boʻlib, u orqali madrasa hovlisiga eltuvchi yoʻlaklar oʻtgan va uning ikki yonida madrasa zallari (masjid va darsxona) joylashgan. Zallarning tashqi gumbazlari buzilib ketgan. 2 ayvonli hovli, 2 qavatli katta-kichik hujralar bilan oʻrab olingan[17]. Inshoot oʻz davri meʼmorchilik qoidalariga koʻra mozaika va mayolika bilan bezatilgan[10]. Madrasa hujralarining umumiy soni 160 ta.

Madrasa eksteryeri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Peshtoq[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasaning old tomoni peshtoqli boʻlib, Labihovuz ansambli maydoniga qaratilagan. Peshtoq markazda joylashgan boʻlib, u bosh fasadning ikki qanotini birlashtirib turadi. Uning pastki qismida, 2 tomonda yashil oniksdan bir xilqilib bejirim ishlangan kichik ustunchalar oʻrnatilgan. Peshtoqni avvallari bezatib turgan koshinlari (kitobasidagi yozuvlardan tashqari) hozirgacha saqlanib qolmagan[34]. Oxirgi kapital taʼmirdan soʻng kitoba va qanoslargina koshinlar bilan bezatilgan.

Peshtoq tarkibidagi madrasaga kirish darvozasi alohida eʼtiborga sazovordir. U girih va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Xotamkori uslubida terib mahkamlangan (mix qoqmay, „tirno“ qilib mahkamlangan), pilakchalardan (yogʻoch parchalaridan[36]) yasalgan darvozaning har bir tabaqasi yaxlit taxtadan tayyorlangandek koʻrinadi[34]. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan[17].

Fasad qanotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa fasadining oʻng qanoti va guldasta

Fasad qanotlarida Buxoro meʼmorligiga xos qadimgi milliy anʼanalar aks ettirilgan. Ular 2 qavatli va 3 qismga ajratilgan chuqur ravoqlardan, ravoqlar orti esa hujralardan tashkil topgan. Peshtoqning ikki yonida joylashgan ushbu hujralar, madrasa zallarining (masjid va darsxonaning) oldida qurilgan. 1-qavatning markaziy chuqur ravoqlarida oʻrnatilgan eshiklar madrasa tashqarisidan zallarga kirish/zallardan tashqariga chiqish uchun moʻljallab qurilgan. Qanotlarning ikki yonida, devorlar burchagiga tirgak va bezak vazifasini oʻtovchi gumbazsiz guldastalar oʻrnatilgan[17].

Madrasaning fasadorti binolari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining diqqatga sazovor joylari fasadortida joylashgan miyonsaroy, masjid va darsxonadagi ichki gumbazlardir. Ular ganchga bezak berib ishlangan[11].

Miyonsaroy[tahrir | manbasini tahrirlash]

Miyonsaroy madrasaga kirish darvozasi ortida joylashgan. Adabiyotlarda miyonxona, darvozaxona, vestibul tarzida ham nomlanadi. U 5 gumbazli boʻlmalardan tashkil topgan boʻlib, madrasa hovlisiga kirish uchun koridor vazifasini bajaradi. Miyonsaroyning ikki yonida madrasa zallari joylashgan[17].

Miyonsaroyning sernaqsh qubbalari oʻz konstruksiyasi bilan tashrif buyuruvchilar eʼtiborini oʻziga tortadi. Ular ganchdan xilma-xil qilib quyilgan ravoqlardan yigʻilgan[34][36]. Uning ichki gumbazlari va bagʻallari, shipi oʻziga xos turli shakldagi murakkab toʻrsimon, yulduzsimon, qolipkori va iroqi uslubida pishiq gʻishtdan ganch qorishmasida terilgan. Miyonsaroyning oʻng tomonidan oʻtuvchi yoʻlakda botiq va yotiq qovurgʻali, mozaik plafonli, maydalangan gʻishtlardan yasalgan bukma yuzali ravoq shaklida dekorativ kvadrat bostirma diqqatga sazovor[11].

Madrasa zallari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dasxonaning ichki gumbazi

Mir Arab madrasasida boʻlgani kabi Koʻkaldosh madrasasi rejasida ham burchak xonalarining tugunlari ishlab chiqilgan. Binoning 2 old tomonidagi burchaklarda 2 asosiy zal — masjid (miyonsaroydan gʻarbda) va darsxona (miyonsaroydan sharqda) joylashgan boʻlib, ular assimetrik chuqur nishlarga ega xoch shaklida rejalashtirilgan[11]. Masjid va darsxona ichki gumbazlari alohida, quyma ganchli ravoqlardan tuzilgan. Ravoq burchaklariga muqarnaslar ishlangan, katta qiya yassiliklar yulduzsimon ornament bilan bezatilgan[11].

Madrasa hovlisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa hovlisining koʻrinishi

Toʻgʻri burchak shaklidagi[34](42x37 metr) uzun qilib solingan madrasa hovlisiga miyonsaroy orqali kiriladi. Hovli tomondagi 2 qavatli chuqur ravoqlar qatorini yuzma-yuz qilib joylashtirilgan peshtoqli 2 ta baland ayvonlar ajratib turadi. Mablagʻni va turar joyni tejash uchun madrasa boʻylama oʻq boʻylab ikkitagina gumbazli ayvon qilib qurilgan[41]. Har bir ravoqdan alohida hujraga kiriladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar bilan oʻrab olingan[11]. Yon tomonidagi hujralarning pastki qavatiga (tashqi devorlarida) xonani yoritish uchun panjaralar oʻrnatilgan. Yuqori qavatiga esa qator qilib chuqur ravoqlar ishlangan. Ravoqlar tepasini va baʼzi darcha panjaralarini bezatishda sirkor koshin ancha tejab ishlatilgan[37]. Hovlidagi shimoliy peshtoq ganchga yopishtirilgan sirkor koshin boʻlaklar bilan bezatilgan. Bu koʻk, yashil va oq naqshinkor bezaklar oʻsimliklarni tasvirlaydi[34]. 1950-yillarda peshtoq oʻzining avvalgi shaklini deyarli yoʻqotgan va shuning uchun temir bilan tiralib, troslar bilan tortilib[42] mustahkamlab qoʻyilgan holatda boʻlgan[36].

Burchakdagi katta hujralar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasaning ikki orqa burchagida vestibullar joylashgan boʻlib, ulardan hujralar va omborxonalarga eltuvchi, radial ravishda ajratilgan yoʻlaklar mavjud[11].

Afsona va rivoyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining qurilishi bilan bogʻliq afsona va rivoyatlar mavjud.

Buxoro afsonalaridan[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro afsonalaridan biriga koʻra[43], Abdullaxon va Qulbobo koʻkaldosh ikkovi amakivachcha ekan. Hali Abdullaxon hukmdor boʻlmasidan avval Qulbobo koʻkaldosh ikkovi polizzorga kelib, qovun va tarvuz soʻyib yebdilar. Kuz boʻlsa ham kun issiq ekan. Shu yerda kigiz ustida Abdullaxon bilan Qulbobo koʻkaldosh choʻzilib uxlamoqchi boʻlishibdilar. Abdullaxon darrov uxlab qolibdi, ammo Qulbobo koʻkaldosh uxlay olmabdi.

Bir mahal Qulbobo koʻkaldosh qarasa, Abdullaxonning burnidan bir chivin chiqib bir tarafga ravona boʻlibdi. Uchib bora turib yerda yotgan pichoqning ustidan oʻtib, bir jirandaga kirib, keyin jiranda ichidagi bir yoriqqa kirib ketibdi. Picha vaqtdan keyin chivin yoriqdan chiqib ortiga qaytibdi. Kelgan yoʻlidan yurib, qaytib kelib Abdullaxonning burniga kirib ketibdi. Bir mahal Abdullaxon uygʻonib Qulbobo koʻkaldoshga qarab:

— Men bir tush koʻribman. Tushimda bir yoqlarga boribman. Yoʻlda bir temir koʻprikdan oʻtibman. Keyin juda katta jarday quruqlik bor ekan. Oʻsha chuqurlikda kattaligi tepaday keladigan koʻza bor ekan. Koʻzaning ichida har biri gʻalvirday keladigan son-sanoqsiz koʻp tilla bor ekan. — debdi.

Boyadan beri bu voqeani kuzatib turgan Qulbobo koʻkaldosh Abdullaxondan bir necha daqiqada ayrilib qolibdi. Qulbobo koʻkaldosh haligi yoriqqa maxsus belgi qoʻyibdi-da, Abdullaxon xizmatida yuraveribdi. Davr aylanib Abdullaxonga Buxoro xonligi tegib qolibdi. Shundan keyin Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshni chaqirib:

— Sen menga koʻp xizmat qilding. Mana bugun mening oshigʻim olchi turdi, yaʼni xon boʻldim. Endi mendan koʻnglingda nima maqsading boʻlsa, tila, — debdi.

Qulbobo koʻkaldosh haligi polizzorni tilabdi. Darrov Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshga polizzorning oʻrnini vasiqa qilib beribdi. Qulbobo koʻkaldosh oʻsha polizzorga borib, belgi qoʻyilgan joyni topibdi-da, xazinani qazib olibdi. Chivinning koʻziga tepaday boʻlib koʻringan koʻza tandirdan sal kattaroq ekan va gʻalvirday boʻlib koʻringan tillalar qirq tangalik yoki yarim misqollik tillalar ekan. Qulbobo shu xazinani sarflab, Buxoroda Koʻkaldosh degan katta bir madrasani qurdirgan ekan.

Qozoq rivoyatlaridan[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining qurilishi bilan bogʻliq, goʻyoki Buxoro va Toshkent aholisi orasida tarqalgan bir afsonaga koʻra[44], madrasa binosining qurilishi qozoq xalqi vakiliga borib taqalar ekan. Bu toʻgʻrida qozoq professori X. Dosmuhamedov shunday deb yozadi:

Bu haqda menga, biz 1923-yilning oktabrida Buxoroda oʻtkazilgan butunoʻzbek ilmiy syezdi qatnashchisi sifatida mazkur madrasada yashaganimizda, toshkentlik Munavvar-Qori Abdurashitov aytib berdi. Afsuski, Abdrashitov menga batafsil maʼlumot berolmadi. Keyinchalik, men qozoqlarning oʻzlari orasida muomalada boʻlgan bunday afsonalar bormikan deya soʻroqlashni boshladim; Turkiston qozoqlari orasida haqiqatdan ham ularning qabiladoshlaridan biri tomonidan qurilgan Kogeltosh madrasasi[sharh 2] toʻgʻrisida rivoyatlar bor ekan. Menga Tama qabilasidan boʻlgan qozoq, Turkiston uyezdining Kurchusk volostilik Omar Dixanbayev aytib bergan va Qiziloʻrda uyezdilik qozoq Jumanazar Urumkulov tomonidan sheʼr shakliga oʻgirilgan ushbu afsonalardan birining qisqacha mazmuni keltiriladi[44].

Vaqtida, tojiklar, oʻzbeklar, qozoqlar Buxoro xonligining hukmdoriga boʻysungan paytlarda, Buxoroda Shamsi Muhammad ismli mulla boʻlgan ekan. Bu mulla, choʻlda, Muhammadning haqiqiy diniga ergashmaydigan va shariat qoidalarini bajarmaydigan, qozoq deb nomlanadigan xalq borligini xonga yetkazib, xondan qozoqlarni kofir deya eʼlon qilishga va ularni bozorlarda qul qilib sotishga farmon chiqarishini soʻragan ekan.

Xon yigʻilish oʻtkazib, unda masalaning tagiga yetmasdan butun bir xalqni kofir deb eʼlon qilish noqulayligi, avval ularning vakillarini chaqirib, ularning shariat qoidalari boʻyicha bilimlarini imtihon qilish kerakligiga kelishib olgan ekan. Agarda ular mullalarning savollariga yetarli darajada javob berisholmasa, barcha qozoqlar kofir deya eʼlon qilinib, ularni bozorlarda qul qilib sotishga ruxsat berilishi kerak boʻlar ekan.

Buxoro xonligi hukmdorining xulosasidan xabar topgan qozoqlar, kimnidir Buxoroga, xon va mullalar savoliga javob berishga yuborish uchun katta yigʻilish oʻtkazgan ekan. Yigʻilganlar, qanday javob berish kerakligini va kimni yuborish mumkinligini koʻp oʻylashgan, shu payt Koge ismli bir qozoq, yigʻilganlardan uni Buxoroga mullalar bilan savol-javobga borishi va qozoq xalqini qullikdan qutqarishi uchun izn soʻragan, yigʻilganlarning barchasi bunga rozi boʻlgan ekan.

Koge Buxoroga peshin namozi paytiga yetib kelgach, Shamsi Mahammad imomlik qilib turgan masjidga kirib, boshqalar bilan birga namoz oʻqishni boshlagan. Masjid eshigi oldida, qoʻlida qamchi ushlagan zobit turib, namozxonlarni kuzatib turgan. Namoz tugagach, Koge qoʻlida qoʻlqop kiygan holda duo qilgan ekan. Mulla Shamsi Muhammad zobitga yuzlanib:

— Bu kishini qoʻlga ol va shariat qoidalarini bilmagani uchun jazola — debdi.

Shunda Koge Shamsi Mahammadga yuzlanib:

— Agar Xudo faqat yalangʻochlarni eshitsa, unda kiyimingizni yeching va kiyimsiz namoz oʻqing. Nega namoz vaqtida aynan qoʻllarni yalangʻoch qoldirib, tananing qolgan qismlarini kiyim bilan yopish kerak? Olloh faqatgina kiyimdagi namozxonlarni eshitadi deb qaysi muqaddas kitoblarda yozilgan? — debdi.

Mulla jimib qolib, nima deyishni bilmay qolibdi. Koge xon oldida oʻzi va oʻzining xalqi — qozoqlar — musulmonligini isbotlash uchun undan Buxoroda 4—5 yil yashab qolishga izn soʻrab, xonning ruxsatini olibdi.

Shundan soʻng, Koge oʻzi bilan choʻldan olib keltirgan otini, kiyimini va hattoki oziq-ovqatini kambagʻallarga tarqatib, kambagʻal boʻlib olibdi. Koge yashab, oʻzining halol mehnati bilan mol-mulk orttirishga qaror qilibdi. Shahar tashqarisidan supurgi oʻtini terib, undan tayyor supurgilar tayyorlab bozorda sotibdi. Supurgini sotishdan orttirgan puliga tovuqlar sotib olishni boshlabdi. Koʻp oʻtmay Koge son-sanoqsiz tovuqlarga ega boʻlibdi. Keyin u gʻisht tayyorlay boshlabdi. Juda koʻp gʻisht tayyorlaganidan soʻng, u xon oldiga kelib, masjid qurish uchun izn soʻrabdi. Xon ruxsat beribdi. Shunda Koge xondan qurilish uchun, oʻzining talablarini qondira oladigan usta berishini soʻrabdi. Xon rozi boʻlib, barcha buxorolik ustalarni yigʻib, Kogega oʻz talablarini aytishni buyuribdi. Koge:

— Menga bir umr besh vaqt namoz oʻqishga va ulardan birirtasini ham qoldirmaslikka; doim tahoratda yurib, hech qachon yomon fikrda boʻlmaslikka; hech qachon juftiga xiyonat qilmaslikka va doimo halol hayot tarzini kechirishga; eshigini taqillatib kelgan kambagʻalni har safar hojatini chiqarishga; haqiqiy musulmon bajarishi kerak boʻlgan majburiyatlarga amal qilishga; kelgan mehmonni, u qayerdan va nima uchun kelganligidan qatʼiy nazar mehmon qilishga; kim boʻlishidan qatʼiy nazar, barchaning koʻziga qarab haqiqatni gapirishga; Ollohdan boshqa hechkimga hechqachon qulluq qilmaslikka qasam icha oladigan usta kerak. Faqat shunday kishining qasamidan soʻng men masjid qurilishiga ruxsat berishim mumkin — debdi.

Buxoro ustalarining birortasi ham bu qasamni icholmay, qurilishni boshlashga rad javoblarini berishibdi. Shunda xon butun Buxoro ahliga Kogening talabini aytib, rozi boʻlganlarni chaqirtirishni buyuribdi. Xonning chaqirigʻiga hech kim javob bermabdi. Buxoroda Kogening talabini bajara oladigan bitta ham kishi topilmaganidan soʻng, uning oʻzi yuqoridagi qasamni ichib, masjidni qurishga tushib ketibdi. Birovning yordamisiz, Kogening bir oʻzi masjidning devorlarini koʻtarganidan soʻnggina ustalarga qurilishni tugatishga va masjidni bezashga ruxsat beribdi.

Yangi masjidni koʻrgan Buxoro ahlining koʻzi quvnab, shaharda birgina Koge taqvodor boʻlgani uchun masjidni Koge ismi bilan Kogetosh, hozirda esa Kogeltoshga aylangan va Koge qurgan bino maʼnosini bildirgan soʻz bilan atashibdi. Koge esa xon oldiga kelib:

— Agarda mening ishlarim abdol boʻlsa, qozoq xalqini haqiqiy musulmonlar deya eʼlon qilib, ularni bir umrga qul qilib sotilishidan qutqaruvchi farmonni eʼlon qiling — debdi.

Xon Kogening iltimosini ado etibdi va butun qozoq xalqiga nisbatan qilgan boʻhtoni uchun, mulla Shamsi Muhammadni jazolashni, keyin esa uni osib oʻldirishga farmon beribdi.

Oʻzining xalqini qullikdan ozod qilgan Koge, Makkaga borib, umrining oxirigacha oʻsha yerda yashab oʻtibdi.

Koge — qozoq xalqini qullikdan qutqargan kishi boʻlib, u qurgan va Kogeltosh deb nomlangan bino hozirga qadar Buxoroda turgan ekan va u oʻz joyida dunyo turguncha mangu turar ekan.


Chor Minor

Chor Minor (fors.toʻrt minora) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (1807). Xalifa Niyozquli qurdirgan. Chor Minor anʼanaviy usulda qurilgan masjid hamda madrasa, atrofi bir qavatli hujralar bilan oʻralgan hovlidan iborat[2].

Madrasa XIX asrda Buxoroda yashab oʻtgan boy turkman Xalifa Niyozqul tomonidan bunyod etilgan[3]. Toʻrt minorali binoni baʼzan bir vaqtlar orqa tomonida mavjud boʻlgan madrasalarning eshik qismi boʻlgani taxmin qilinadi. Chor Minor aslida yashash va ibodat qilish uchun moʻljallangan kompleks bino hisoblanadi. Madrasa avval boshda mavjud boʻlib, keyinchalik yiqilgan koʻhna madrasaning bir parchasi boʻlgan. Niyozqul madrasani nimaning yoki kimning sharafiga bunyod ettirgani nomaʼlum[4].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bino bir vaqtning oʻzida masjid sanaladi. Oʻrta Osiyo meʼmorchiligida koʻrinishi jihatdan ajralib turuvchi bino zikrxonasi bilan ahamiyatga ega. Markaziy binoning har ikki tomonida mavjud boʻlgan hujralarning baʼzilari qulab tushgan va faqatgina poydevor oʻrni qolgan. Hujralar talabalar uchun yotoqxona vazifasini oʻtab kelgani taxmin qilinadi[5].

Sinchli peshayvon tipidagi masjid hovlining janubi-gʻarbiy burchagida joylashgan. Madrasaga 2 qavatli, gumbaz tomli darvozaxona orqali kiriladi. Murabba tarhli darvozaxona oʻziga xos mujassamot yechimiga ega: oldi peshtoqli, toʻrt burchagida toʻrtta minora joylashgan (nomi ham shundan), minoralarning tepa qismi gumbaz shaklida yakunlangan boʻlib, ular sirkori koshinlar bilan bezatilgan. 2 qavatli xonaning 1-qavati miyonsaroy koʻrinishida boʻlib, izoralari toshlar bilan qoplangan, tomi gumbazli, 2-qavati kutubxona, kutubxonaning shifti pastak gumbazli boʻlib, sodda muqarnaslar halqasi bilan toʻldirilgan. 2-qavatga minoralarning biridagi zina orqali chiqiladi.

Chor Minor madrasasining oʻng tomonida bino bilan yoshi tengligi taxmin qilinadigan hovuz mavjud. Bugungi kunda madrasa atrofi kichik rastalar va aholi yashaydigan xususiy uylar bilan oʻralgan.

1995-yilda Chor Minor madrasasi UNESCO tashkiloti tomonidan „Butun Jahon madaniy yodgorliklari“ ro‘yxatiga kiritilgan[6]. 2000-yil 30-avgustda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi qabul qilgan „Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish“ hamda 2008-yil 12-sentyabr „Muzeylar to‘g‘risida“gi qonunlarining ijrosi oʻlaroq meʼmoriy obidaning taʼmirtalab qismlari qayta tiklangan[7].


Chashmai Ayyub

Chashmai ayyub (forscha: چشمه ایوب) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (1208—1209[1], 1379—1380-yillar). Buxoro shahrining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan maqbara (mazorot). XII asr boshlari qoraxoniylar davrida qurilgan. Amir Temur davrida XIV asrda qayta taʼmirlanib, hozirgi shaklga keltirilgan[2]. Hozirgi kunda Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. 39.7781°N 64.4022°E G O

Chashmai Ayyub maqbarasi

Chashmai Ayyub ichidagi quduq

Chashmai Ayyub

Chashmai Ayyub baʼzan maqbara sifatida ham tilga olinadi. Aslini olganda ushbu obida Ayyub paygʻambarining qadamjosidir. Mazkur obida bir necha asrlar davomida qurilgan. Obyektning eng qadimgi qismi XII asrga borib taqaladi. Mazkur davrda saqlanib qolgan lavhda 1380-yil sanasi oʻyib yozilgan. XVI asrga oid peshtoqlarda yozuvlar ham mavjud. Bino Amir Temurning Xorazmga qilgan yurishidan soʻng xorazmlik ustalar tomonidan bunyod etilgan[3]. Chashmai Ayyub mozori ham boʻlgan. Amir Temur davrida Amir Hajjoj degan kishi tomonidan bunyod etilgan va hozirgi kunda ham mavjud maqbara binosi ostida qolib ketgan. Buxoro xoni shayboniy Abdullaxon II davrida bino qaytadan toʻla taʼmirlangan va qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan. Obidaning bosh fasadi sharq tomonga qaragan va ichkarida maxsus quduq joylashgan xona bor. Quduq joylashgan xona orqasida mehrob boʻlib, aynan shu xonada Ayyub paygʻambarning sagʻanasi yaʼni qadamjosi mavjud. Goʻrxonadagi eshik yuqorisida kitoba bitik boʻlib, Ayyub paygʻambarning Buxoroga tashrif buyurishi haqida yozilgan yogʻoch taxta mavjud. Hozirgi kunda Chashmayi Ayyubda Buxoro suv taʼminoti tarixi muzeyi joylashgan[4].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muqaddas ziyoratgoh binosi toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (19x26 m) boʻlib, gʻarbdan sharqqa choʻzilgan 4 xonadan iborat, har bir xona birbiriga oʻxshamagan gumbazlar bilan qoplangan. Dastlab eng qadimgi xona — murabba tarhli (4,5 x 4,5 m) quduqxona bunyod etilgan. Ushbu xona Arslonxon tomonidan Minorai kalon va Namozgoh masjidi bilan bir davrda qurilgan degan rivoyatlar saqlangan. Uning ikki yonida ziyoratchilar uchun oʻz vaqtida 2 eshigi boʻlgan; old tomoniga toqli xona (4,5x4,5 m) tutashtirib qurilgan, u binoga peshtoq vazifasini oʻtagan, qoʻsh gumbazli, oldi peshtoqli. Ziyoratxona devorida Amir Temur farmoyishiga binoan 1379-yilda unga taqab kulohiy gumbazli katta xona, burchaklarida minoralari boʻlgan daxdiz qurilganligi yozilgan. Binoning qadimgi qismi ichkarida qolgan.

Rivoyat qilinishicha[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rivoyatlarga koʻra chashma (buloq) Ayub Alayhis-salom Buxoro boʻylab dinni targʻib qilib yurgan payti bilan bogʻliq. Qurgʻoqchilik paytida mahalliy xalq chanqoqlikdan oʻlayotgan paytida undan suv soʻragan. Paygʻambar oʻz asosi bilan yerni bir urib hozirgi kungacha uni suvini ichib boʻladigan shifobaxsh buloq hosil qilgan. Rivoyatga koʻra chashma suvi shifobaxsh hisoblangan va buloq boshiga koʻplab ziyoratchilar kelavergan. Vaqtlar oʻtib ushbu maskan ziyoratchilar maskaniga aylanadi. Bu shamning suvi teri kasalliklariga, pes-moxovga ham qarshi shifobaxsh ekanligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud[4].


Abdullaxon madrasasi (Buxoro)

Abdullaxon madrasasiBuxorodagi Qoʻshmadrasa ansamblining shimolida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Oʻzbek hukmdori Abdullaxon II davri meʼmorligi yetuk namunasi boʻlgan bu Madrasa Buxoro meʼmorchiligining 16-asrda erishgan barcha ijodiy yutuqlarini namoyish etadi.

Madrasaning me’mori nomaʼlum boʻlib, Abdullaxon II qurdirgan. Qurilish ishlari 19971588-yillarda boshlanib, 19891990-yilar nihoyasiga yetgan.

Madrasa Buxoroda, Qoʻshmadrasa ansamblining shimoliy qismida, Modarixon madrasasi roʻparasida joylashgan.

Ushbu va Modarixon madrasalari Qoʻshmadrasa meʼmoriy ansamblini tashkil etadi. Oʻrta Osiyo meʼmorchiligida jabhalari bilan bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikkita binoning juftlashgan ansambli „qoʻsh“, ikkita madrasaga nisbatan esa „qoʻsh madrasa“ atamasi ishlatiladi.

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa tashqi devorlari tarhida gʻarbiy hamda shimoliy peshtoqlarida katta peshravlar mavjud. Maʼlum vaqt bu joyda mavjud boʻlgan hammomga taqalgan janubiy tomonida esa asosiy devordan oldinga boʻrtib-turtib chiqish — peshravbandlik koʻzga tashlanmaydi.

Abdullaxon madrasasidagi masjidda har kuni besh vaqt va juma namozlari o‘qilgan[2].

Abdullaxon madrasasining qulagan orqa devori. 2021-yil 29-iyul

Tuzilishi odatdagi madrasalardan ancha farq qiladi. Hovli atrofini ikki oshyonli hujralar oʻrab turadi. Har ikki tomonida galereya va baland peshtoq joylashgan. Peshtoqlar orqali ichkari xonalar va xonaqohga oʻtiladi. Madrasaning katta peshtoqi janubga qaragan. Peshtoq qanotlari va guldastalar sirkor bezaklar bilan pardozlangan.

Darvozadan oʻtib, ikki yoqdagi katta xonalar — darsxona va masjidga kiriladi. Darvoza xotamkori uslubining noyob namunasi — girih shaklli mayda yogʻoch parchalaridan terilgan[3].

Hovli kompozitsiyasi bir chiziq boʻyicha joylashgan baland peshtoqlari boʻlgan „chorayvon“ usulida bunyod etilgan. Madrasa burchaklarida vestibyullar — miyonxonalarni oʻz ichiga olgan murakkab tarixiy bogʻlamalar yaratilgan. Gʻarbiy qismida keng gumbazli bir xona mavjud. U 2 qavatli hujralar bilan oʻralgan. 2-qavatda uni oʻziga xos galereya — hujralar peshayvonlari xuddi egilib turganday tuyuladi.

Madrasaning bosh peshtogʻidan tashqari barcha tashqi peshtoqlari pishiq gʻisht bilan koʻtarilgan hamda bezatilgan. Asosiy sharqiy peshtoqning oʻrtasida ravogʻi chuqur boʻlgan salobatli peshtoq mavjud. Unda darvozaxona yuqorisida kutubxona peshayvoni oʻrnatilgan.

Darvozaxona peshtogʻi bir paytlar keng kitoba bitiklar polosasi bilan hoshiyalangan. Unda havorang fonda oq rangdagi harflar bilan Qurʻondan olingan oyatlar yozilgan edi[2].

Restavratsiya ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bir qancha yillar oʻtishi bilan Abdullaxon madrasasida katta hajmdagi, asosan madrasa old koʻrinishiga eʼtibor qaratilib, qayta taʼmirlandi. Katta hajmdagi tiklash ishlari Buxoroga asos solinganiga 2500 yil toʻlishi tufayli ham amalga oshirildi. Restavratsiya ishlari paytida ikkala madrasa markazidagi maydonchalar pasaytirildi. Hozirda bino peshtoqlari roʻparasidagi supachalar olib tashlangan[2].

2021-yil 29-dan 30-iyulga oʻtar kechasi Abdullaxon madrasasining orqa tomon devori bir qismi oʻpirilib tushdi[4]. Madaniy meros agentligi mutasaddilari kelib holatni oʻrganishgan, ularning taxminiy hisoblariga koʻra binoni toʻliq taʼmirlash uchun 6 mlrd soʻm mablagʻ talab etiladi[5]. Holat boʻyicha Buxoro viloyat prokuraturasi oʻrganish ishlari olib borib, Jinoyat kodeksining 207-moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan[6].


Baland masjid

Baland masjidBuxoro shahridagi guzar masjidi (16-asr). Bino murabba tarhli (pishiq gʻishtdan qurilgan), qalin devorli. Masjid harsang toshlar ustiga qurilgan. Baland masjid ning shim. va sharqiy tomonlari naqshin shiftli ayvon bilan oʻralgan. Ichki devorlarining pastiga chiroyli izoralar qoplangan. Sharq tomondagi toʻq yashil rangli izoralarga 6 burchakli koʻk sopol koshinlar terilgan. Gʻishtchalar atrofiga nozik oʻsimliksimon shakllar chizilib, ustidan oltin suvi yuritilgan (bular yaxshi saqlangan). Devorning gʻarbiy tomonidagi izoralar koshin bilan qoplangan va kundal usulidagi naqshlar bilan hoshiyalangan. Baland masjid derazalaridagi panjaralar sopol gʻishtchalardan terilgan. Mehrobining atrofi sirkor sopolchalar bilan bezatilgan va ularga oltin suvi yuritilgan. Uning yon tomonlari va tepasiga toʻgʻri burchakli sopolchalardan suls xati bilan yozuvlar bitilgan. Yozuvlar tepasiga, shiftga yaqinroq joyga muqarnaslar ishlangan, ularga ham oltin suvi yuritilgan. Devorlardagi (jan. devordan tashqari) rasmlar hali ham avvalgidek yaltirab turibdi. Baland masjid ning shifti toqili, hovuzakli boʻlib, naqshlar bilan bezatilgan. Uni qurishda mumtoz davr meʼmorligining noyob va nafis usulidan keng foydalanilgan. Keyingi davrlardagi meʼmorlar Baland masjid ning bezaklaridan namuna koʻchirganlar. Baland masjid bezaklarining zarlari toʻkilib, naqshlari koʻchib, qorayib qolgan. Baland masjid bir necha bor taʼmirlangan.[1] 

Govkushon majmuasi

Govkushon majmuasiBuxorodagi meʼmoriy yodgorlik (16-asr) Joʻybor xojalari qurdirgan Madrasa, masjid, minora, hovuz va saroydan iborat majmua (Govkushon — qassoblar bozori). Madrasa va masjidning oʻrtasidan Shoxrud arigʻi oʻtgan. 1930-y.larda hovuz koʻmib tashlangan. Madrasaning sharqiy tarafi ikki qavatli, yon va orqa tomonida bir qavatli hujralar va mezana bor. Peshtogʻi gʻarbda. Ravoq ustidagi qanosi oʻsimliksimon sirkori naqshlar, kitoba qismi esa suls xati bilan bezalgan. Kiraverishda, oʻngda xonaqohmasjid (darsxona) bor. Oʻrtadagi hovli (25x35 m)ning toʻrt tomoni hujralar bilan oʻralgan. Xoʻja masjidi kirish peshtogʻi, hovli atrofi gʻishtin ravoqli ayvonlar, xonaqoh va minoradan tashkil topgan. Minora (bal. 19,5 m)ga masjid tomidagi ravoqli koʻprik orqali chiqilgan. Minora turli shakldagi gʻishtlardan terilgan. Naqshlar yuqoriga tomon noziklasha borib, fonusning ravoqli darchalari bilan birga minoraga nafislik bagʻishlaydi. 

Nodir devonbegi xonaqohi

Nodir devonbegi xonaqohi (asl nomi: Nadr devonbegi xonaqohi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro xonligi hukmdori Imomqulixonning vaziri va togʻasi Nadr devonbegi (Nadr mirzo Togʻay ibn Sulton) qurdirgan (1620—1621). Xonaqoh Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Nodir devonbegi xonaqohi 1620-yilda hovuz bilan bir paytda bunyod etilgan. Xonaqohlar asosan qalandar va darveshlar uchun yashash joyi sifatida ishlatilgan. Mazkur xonaqoh koʻp xonali boʻlib, ikki minorasimon katta ravoqdan tashkil topgan, uning 28 ustundagi mayda ravoqchalari mavjud. Nodir devonbegi xonaqohida markaziy gumbazli zalining uch tomonida eshik, gʻarb tomonida esa mehrob mavjud. Xonaqohning burchaklarida esa hujralar boʻlgan. Maʼlum muddat xonaqoh madrasa va uzoq oʻlkalardan kelganlar uchun boshpana va masjid vazifasini bajaradi[1]. Mazkur xonaqoh Mulla Shamsiddin guzarida joylashgan bo’lib, 14 hujrasi mavjud bo’lgan. Vaqf hujjatlariga ko’ra, xonaqoh g’arbida Mirzo Aboqi Arbob Mirzo Husayn hovlisi, sharqi va shimolida yo’l, janubida esa hovuz bo’lgan. Mazkur vaqf hujjati “Nadr Devonbegi madrasasi, hovuzi va xonaqohi vaqfi” deb qayd etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu xonaqoh vaqf hujjatlarini o’rgangan bo’lib, mazkur yodgorlikni dastlab masjid bo’lganligini yozadi. Uning fikriga ko’ra yodgorlik dastlab jome’ masjidi bo’lgan keyinchalik esa xonaqohga aylantirilgan[2]. Mazkur xonaqohda hozirgi kunda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur muzey 1991-yilda tashkil etilgan va 2017-yilda Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi sifatida qayta nomlanib, koʻrgazmalari oʻzgartirilgan.

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodir devonbegi xonaqohi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Xonaqoh Labihovuz ansamblida hovuz bilan birga bunyod etilgan boʻlib, Peshtogʻi hashamatli, ravogʻining qanosi ancha baland, ulugʻvor, ayrim yerlarida esa koshinlarning parchalari saqlanib qolgan. Ikki tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old koʻrinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari boʻlgan. Devorlari bir necha bor taʼmirlanganidan (1914—1916-yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan taʼmirlangan) asl koʻrinishi oʻzgargan. Nodir devonbegi xonaqohi simmetrik tarhli (27,5X25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2Xll,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotogʻi boʻlgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravogʻidagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir devonbegi xonaqohining hozirgi koʻrinishi oʻzgarib muhtasham, salobatli, koʻrkam inshootga aylantirilgan.[3]